Yaponiya mudofaa vazirligi o‘zining kiber bo‘linmasi sonini ikki barobarga oshirishga qaror qildi. Kelasi yilning 31 martigacha ularning soni taxminan 2 ming 230 kishiga yetkaziladi. Bundan tashqari, bunday mutaxassislarni tayyorlash uchun alohida o‘quv yurti tashkil qilinadi, deb yozmoqda Sankei gazetasi payshanba kungi sonida.

Nashrning ma’lum qilishicha, 2027 yilga borib kiber bo‘linma soni  4 ming kishiga yetkaziladi. Xizmat ko‘rsatuvchi va yordamchi texnik xodimlarni qo‘shib hisoblaganda u 20 ming kishidan iborat bo‘ladi.  

Xabarda aytilishicha, Yaponiya qurolli kuchlari qo‘mondonligi kiberkengliklarida amaliyot o‘tkazish sohasida orqada qolayotganidan xavotir bildirgan. Zamonaviy dunyoda olib boriladigan harbiy harakatlar nuqtai nazardan olib qaraganda kiberguruhlarning ahamiyati oshgan, deydi Sankei gazetasi. Masalan, AQSH harbiy tuzilmasida bunday mutaxassislar soni 6,2 mingga yetadi.