Germaniyalik shifokorlar ko‘rigida

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan sog‘lomlashtirish dasturi asosida Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlaridan 150 nafardan ortiq bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

5.JPG

– “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik natijasida har yili yurtimizdan tayanch-harakat tizimining tug‘ma irsiy kasalliklari bo‘lgan, terida kuyishdan keyin asoratlar qolgan, peshob yo‘li (ekstrofiya, gipospadiya) va ovqat hazm qilish tizimining tug‘ma nuqsonlari bilan operatsiyaga muhtoj bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanib kelmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i R.Rahmonova. – Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan bu galgi tadbir ham ana shunday bemor bolalarni ko‘rikdan o‘tkazish, ularga zarur yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi. Ko‘rik davomida germaniyalik mutaxassislar bilan birga, yurtimizning malakali shifokorlari bolalarni ko‘rikdan o‘tkazib, o‘z tavsiyalarini berdi.

Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, eng og‘ir deb topilgan bemor bolalar joriy yil avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalariga davolanish uchun yuboriladi.

7.JPG

– Qizimning oyog‘i uch yil ichida besh marta singan edi, – deydi Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Sevinch Ergasheva. – Bundan avvalgi tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra, farzandim 6 oy mobaynida Germaniyada davolanib keldi. Uch yil gipsda yotgan qizim hozir bemalol harakatlanmoqda, salomatligida ijobiy o‘zgarishlar bor. Bugun yana bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilishgandi. Xudoga shukr, hammasi yaxshi ekan.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA