Koreya Respublikasi harbiylari mamlakatning janubi-sharqiy qismida tinch aholini himoya qilish bo‘yicha “Xvaran” keng qamrovli mashqlarini boshladi. Mashqlar mahalliy hokimiyatlar bilan hamklorlikda bo‘lib o‘tadi, deb xabar tarqatdi Yonhap agentligi Koreya Respublikasi qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib.

Mashqlar Tegu shahri va  Kyonsan-Pukto provinsiyasida besh kun davom etadi. “Xvaran” mashqlari mamlakatning yana beshta hududida bosqichma-bosqich oktyabr oyigacha olib boriladi, deyiladi xabarda.

“Xvaran” mashqlari aholini  harbiy va tinch paytlarda himoya qilishni ko‘zda tutadi. Unda jamoatchilik, mahalliy hokimiyat, armiya, politsiya va tezkor xizmat vakillari ishtirok etadi. Harbiy mashqlarning o‘tkazilishidan maqsad xavfsizlik sohasida “to‘liq tayyorgarlik”ni ta’minlash.

Bu galgi mashqlar Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy tahdidi kuchaygan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Shunday sharoitda fuqaro mudofaasining havo trevogasi va xavfsiz joyga ko‘chish harakatlari mashq qilinadi, shuningdek, hukumat va armiyaning kibertahdidlarga qarshi javob qaytarish mashqlari ham bajariladi. Bundan tashqari, terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha ham mashq qilinadi.