Xabar berganimizdek, shu kunlarda Chirchiq shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda. Musobaqaning ortda qolgan kunlarida chempionatning tantanali ochilish marosimi va bir qator vazn toifalarida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston chempionatining ochilish marosimida ishtirok etgan Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov joriy yil og‘ir atletikachilarimizni qit’a chempionati va Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati, “Parij-2024” Olimpiadasining reyting musobaqalari kutib turganini, munosib natijalarga erishish uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilganini ta’kidladi.
Shiddatli bahslar natijasida bir qator vaznlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Nigora Abdullayeva (55), Adhamjon Ergashev (67) kabi terma jamoa a’zolari yana bir karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 27 mart kuni erkaklar 73 kilogrammda, ayollar 59, 64, 71 kilogramm og‘irlikdagi bahslarda qatnashadi.
Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va jahon chempionlari Ruslan Nurudinov hamda Akbar Jo‘rayev mamlakat chempionligi uchun kurashga 30-31 mart kunlari kirishadi. Ruslan Nurudinov musobaqada 102 kilogramm og‘irlikda ishtirok etsa, Akbar Jo‘rayev +109 kiloda chempionlik uchun bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA