Buyuk Britaniya Qiroli Karl III ning 26-29 mart kunlariga rejalashtirilgan Fransiyaga tashrifi respublikada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar tufayli qoldirildi. Bu haqda Yelisey saroyi ma’lum qildi.
“Fransiyada 28 mart yangi milliy harakat kuni belgilangani munosabati bilan pensiya islohotiga qarshi namoyishlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan, shu sababli Qirol Karl III ning mamlakatga tashrifi qoldirildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bu qaror Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya monarxi o‘rtasidagi telefon suhbati yakunlari bo‘yicha qabul qilingani aytiladi.
Yelisey saroyi tashrifning kechiktirilishini “Karl III ni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga mos sharoitlarda qabul qila olish” zarurligi bilan izohladi.
“Tashrif ikki tomon uchun ham eng maqbul vaqtda amalga oshiriladi”, deyiladi bayonotda.
Shunday qilib, Karl III ning Britaniya taxtiga o‘tirganidan so‘ng tashrif buyuradigan birinchi davlat endi Germaniya bo‘ladi. Uning Berlinga safari 29 martga belgilangan.
O‘zA