18-19 aprel kunlari Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha alyansning 23-konferensiyasi o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir doirasida sohaga oid turli targ‘ibot-tashviqot video roliklari suratga olinib, namoyish etilmoqda. Targ‘ibot uchun odam savdosiga qarshi kurashning turli yo‘nalishlarda yetakchi bo‘lgan YeXHTga a’zo 5 mamlakat tanlab olingan.

Xususan, O‘zbekiston – majburiy mehnatga barham berish, Norvegiya – jinsiy ekspluatatsiyaga qarshi kurash, Germaniya – inson huquqini lozim darajada ta’minlash, Kipr – samarali moliyaviy tekshiruv o‘tkazish, Gruziya – odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha trening tashkil etishda namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

Mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohot, erishilgan salmoqli yutuqlarni inobatga olib, mazkur targ‘ibot kampaniyasiga Venadagi diplomatik vakolatxonamiz rahbari Abat Fayzullayev ham taklif etildi va uning ishtirokida mavzuga oid qisqa metrajli video lavhatayyorlandi.

– O‘zbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnatining har qanday shakliga barham berish, barcha uchun mehnatni munosib rag‘batlantirishga qaratilgan islohotni amalga oshirish uchun zarur siyosiy iroda va resurs to‘pladi, – deyiladi videorolikda. – Respublikada ayni yo‘nalishda ko‘plab amaliy ishlar qilindi, kelajakda, jumladan, YeXHT bilan bu boradagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi. Milliy darajada odam savdosiga barham berish uchun qanday yechim yaratish mumkinligini muhokama qilish maqsadida Alyansning bu yilgi konferensiyasida ishtirok eting.

Mazkur videorolik YeXHTning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarida aylanmoqda.

O‘zA