22 mart kuni Nyu-Yorkda BMT shafeligida suv resurslari bo‘yicha anjuman ish boshladi. Mazkur tadbir 2030 yilgacha toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatidan foydalanish yo‘lidagi taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish barcha hukumat rahbarlarini suvdan odil va oqilona foydalanishga qaratilgan rejani ishlab chiqish va amalga oshirishga chaqirdi. Suv ta’minoti va sanitariya tizimiga sarmoya kiritishni tavsiya qildi. Bosh kotib fikricha, bugungi kunda tabiiy ofatga bardosh bera oladigan quvurlar ishlab chiqarishga, ta’minot va infratuzilmaga, suv tozalash inshootlariga sarmoya kiritish, suvni qayta ishlash va saqlashning yangi usullarini joriy qilish zarur. Shu bilan birga havoga chiqayotgan metan chiqindisini, suv iste’molini kamaytirish maqsadida oziq-ovqat tizimini yaxshilash ham zarurligi, suv taqchilligi iqlim o‘zgarishi muammosini hal etishni talab qilishi qayd etildi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyo miqyosida 2 milliard kishi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 3.6 mlrd inson xavfsiz sanitariya sharoitiga ega emas.
G. Abdullayeva, O‘zA