Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida Bosh vazir Elizabet Bornni qabul qilib, agar deputatlar pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasi yakuniy shaklda rad etsalar, parlamentning Milliy assambleyasi (quyi palatasi)ni tarqatib yuborish masalasini muhokama qildi. Bu haqda “BFM” telekanali hukumatdagi manbaga tayanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, parlament quyi palatasi tarqatib yuborish maqsadga muvofiqligi bo‘yicha maslahatlashuvlar 16 mart kuni davom etadi, ayni paytda rasmiylar qonunda nazarda tutilgan turli qadamlarni ko‘rib chiqmoqda.

Hukumat islohotni ikki palatali parlamentda ovoz bermasdan ijro hokimiyati farmoni bilan amalga oshirish imkonini beruvchi konstitutsiyaviy qoidaga murojaat qilishi mumkin. Hozirgi bosqichda rasmiylar “deputatlarni islohotni qabul qilish uchun ovoz berish zarurligiga ishontirishga” umid qilmoqda, dedi manba.

“France-Presse” agentligi Makronning 16 martda Milliy assambleyada o‘tadigan ovoz berishda shaxsan ishtirok etish niyatida ekanini xabar qildi.

Pensiya tizimini isloh qilish rejalari yetakchi kasaba uyushmalarining bir qator ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi. Hukumat qonun loyihasini yanvar oyi o‘rtasida taqdim etgan edi. Milliy assambleya birinchi o‘qishni belgilangan muddatda yakunlay olmadi. Loyiha Senatga yuborildi va u yerda ma’qullangan edi.

 

O‘zA