Kuni kecha AQSHda bir nechta bank bankrotga uchragani ma’lum qilindi. Senator-demokrat Elizabet Uorren bunga Federal zaxira tizimi (FZT) direktori Jerom Pauell aybdor ekanini ta’kidladi.

“FZT raisining harakati ushbu banklarning sinishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qildi”, – deb yozdi Uorren ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Avvalroq Silvergate, Silicon Valley Bank va Signature Bank faoliyatini to‘xtatgani haqida xabar tarqalgan edi. SVB bankining sinishi AQSHda 2008 yilda ro‘y bergan inqirozdan keyingi eng yirik bankrotlik holatidir. SVB bankining xonavayron bo‘lishiga AQSH Federal zaxirasining diskont stavkasi oshirilgani sabab bo‘lgani, bu esa ko‘plab moliya institutlarining balansidagi aktivlar qadrsizlanib ketishiga olib kelgani aytilmoqda. Shundan keyin AQSH hukumati banklarni qo‘llab-quvvatlash choralarini e’lon qilgan.