Xabar berganimizdek, shu kunlarda Eron poytaxti Tehronda ayollar o‘rtasida davom etayotgan 1-xalqaro Navro‘z olimpiadasida o‘zbekistonlik og‘ir atletika va ot sporti vakillari ishtirok etmoqda.
Kecha o‘tkazilgan musobaqalarda og‘ir atletikachilarimiz Navro‘z olimpiadasi medallari uchun kurash olib bordi va sportchi qizlarimiz 3 ta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Nigora Abdullayeva 55 kilogrammda, Tursunoy Jabborova +81 kilogramm og‘irlikda oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Rigina Adashboyeva 81 kilogrammda bronza medaliga musharraf bo‘ldi.
Shiddatli bahslarda Abdullayeva ikki kurash bo‘yicha 180 (80+100) kilo toshni buysindirdi. Tursunoy Jabborova esa 240 (105+135) kilo natija qayd etdi. Adashboyeva o‘z vaznida 215 (100+115) kilo ko‘rsatkichga erishdi.
Hamyurtlarimizdan Sevinchoy Komilova 71 kilogramm vazn toifasida 192 (87+105) kg toshni ko‘tarib, 4-o‘rin bilan kifoyalandi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xabariga ko‘ra, sportchi qizlarimizning mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishi joriy yil o‘tkaziladigan qit’a chempionati hamda Osiyo o‘yinlariga muhim tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA