Qizg‘in saylov kutilmoqda…

Bugun, 10 mart kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an saylovga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi farmonni imzolaydi. Ertaga hujjat “Rasmiy gazeta”da e’lon qilingach, 60 kunlik saylov marofoniga start beriladi.

Amaldagi davlat rahbari, Adolat va taraqqiyot partiyasi yetakchisi prezidentlikka yana da’vo qilishiga hech kim mutlaqo shubha qilmaydi.

Uzoq tortishuv va norozilikdan keyin bir necha partiyadan iborat “Xalq ittifoqi” muxolifat alyansi prezidentlik saylovida qatnashish uchun yagona – Xalq respublikasi partiyasi yetakchisi 74 yoshli Kamol Qilichdor o‘g‘li nomzodini ilgari surdi.

Ilk chiqishida u shunday bayonot berdi: “Yagona maqsadimiz – yurtni farovonlikka, tinch va quvonchli kunlarga yetaklash. Biz mamlakatni maslahat va o‘zaro kelishuv asosida boshqaramiz!

Alyans uzoq vaqt yagona nomzod bo‘yicha kelisha olmadi. Hatto, muxolifat blogi tarqalib ketishiga ham ishora qilindi. “Oltilik” orasida ko‘p yillar hukumat va partiya ishida faoliyat ko‘rsatganlar, xususan, Bosh vazir, Tashqi ishlar vaziri, Ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan tajribali siyosatchilar bor.

Qilichdor o‘g‘lining nomzodiga “Yaxshi partiya” raisi Meral Akshener qarshi chiqdi. U ikkalasi ham Xalq respublikasi partiyasi a’zosi bo‘lgan Istanbul hokimi Ikrom Imom o‘g‘li yoki Anqara hokimi Mansur Yavash nomzodini ko‘rsatish zarurligini aytdi.

Taklifi qabul qilinmagach, xalq manfaatini aks ettirmayapti, deya Alyansdan chiqib ketdi va ikki kun o‘tmasdan, yangi talab bilan ittifoqqa qaytdi.

Aslida, muxolifat 6 fevralda boshlangan jiddiy zilziladan keyin saylov oldi kampaniyasini boshlab yuborgan. Siyosatchilar ofat mintaqasiga kelib, amaldagi hokimiyatni tanqid qildilar, davlat rahbarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga oldilar. Muxolifat hokimiyatni 1999 yildagi jiddiy zilziladan keyin ham qurilish me’yoriga rioya qilmaganlikda aybladi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Erdog‘an Qilichdor o‘g‘li bilan raqobatlashishni istaydi, deb yozishdi. Bosh muxolifatchi yorqin siyosatchi emas, xarizma – odamlarni o‘ziga ishontirish, ortidan ergashtira olish bo‘yicha Erdog‘andan ancha orqada, deyishdi. Binobarin, Qilichdor o‘g‘li 2010 yil maslakdoshlari yalinib-yolvorishi natijasida partiya boshiga kelgan edi…

Ekspertlar Qilichdor o‘g‘lini g‘arbparast hisoblashadi. Agar u g‘alaba qozonsa, Turkiya birinchi navbatda Rossiyaga qarshi sanksiyaga qo‘shilishini aytadilar. Saylov ikkinchi turda davom etsa, Erdog‘an muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq, deyishmoqda.

G‘arb amaldagi Prezidentning mag‘lubiyatini istaydi, shu bois muxolifatni qo‘llamoqchi. Matbuot bu haqda ochiq-oydin yozyapti. AQSH Prezidentining milliy masala bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton “Wall Street Journal”da Turkiyadagi saylovga yaqindan aralashish, mabodo amaldagi davlat rahbarining qo‘li baland kelsa, mamlakatni NATOdan chiqarish harakatini boshlashga chaqirdi.

Erdog‘an ham, o‘z navbatida, “Yevropadan Amerikagacha 14 maydagi saylovga ta’sir o‘tkazish uchun faol harakat boshlagan”, dedi.

“The Washington Post” gazetasi bo‘lajak siyosiy tadbirni “dunyodagi eng muhim saylov”, deya atab, mazkur saylov natijasi jahon siyosiy vaziyati va iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazishi mumkinligini taxmin qildi.

G‘arbning nazarida yangi hokimiyat Ukraina masalasiga qarashni o‘zgartiradi, Shvetsiya va Finlandiyaning NATO a’zo bo‘lishi tezlashadi. Ko‘p yildan beri davom etib ketayotgan Yunoniston bilan qarama-qarshilik, Suriya va Iroq muammosi barham topishi yoki yumshashi mumkin.

Mamlakat ichki siyosatida ham yakka hokimlik keltirgan zarar xas-po‘shlanadi, deb taxmin qilinmoqda.

Muxolifat esa Turkiyani mutlaqo yangi mamlakatga, har holda, g‘arbona jamiyatga aylantira olishiga xalqni ishontirmoqchi…

Rossiya “katta yigirmalik”dan chiqariladi…mi?

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiyani dunyoning iqtisodiyoti rivojlangan davlat va hukumat rahbarlari “katta yigirmalik” klubidan chiqarib yuborish taklifiga qarshi chiqdi. U Dehlida o‘tgan G20 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan keyin “Bunday amal xalqaro hamkorlik tamoyiliga muvofiq emas”, dedi.

Bir yil avval Jo Bayden Polshaning Rossiyani “katta yigirmalik”dan chiqarish taklifini qo‘llagan edi. Buning ustiga AQSH Moskvani nafaqat G20dan, balki qator xalqaro tuzilmalar, xususan, Bank ishini nazorat qilish bo‘yicha Bazel qo‘mitasi, Moliya barqarorligi bo‘yicha kengash va sug‘urta nazorati xalqaro assotsiatsiyasidan chetlatish kerakligini aytgan.

Shuningdek, “Deutsche Welle” xabariga ko‘ra, Amerika yetakchisi masala yechimi “katta klub”ning barcha a’zolariga bog‘liqligi haqida fikr yuritib, Pekin bunga qarshi chiqishi aniq, degan mulohazani ham bildirgan. Rossiyaga qarshi o‘ninchi sanksiya qabul qilingach, Borrelning o‘zi bu taklifni yoqlamayapti…

Agar Moskvani G20dan chiqarish tashabbusi Borrel tomonidan ko‘tarilganda, taklif Bryusselniki sifatida ko‘rilardi. Bu esa “katta yigirmalik” bo‘linishi, kelajakda YeIning barcha davlatlari uchun og‘ir oqibat yuzaga kelishini taxmin qilish mumkin, degani.

Bu safar Bryussel xalqaro miqyosda Rossiyani “chetlashtirish” asnosida mafkuraviy talabdan pragmatizmni ustun bildi.

Aslida G20 missiyasi dunyo iqtisodiyotini boshqarish jarayonida yuzaga keladigan tahdidga munosabat bildirishdan iborat. Aksariyat ekspertlar bu vazifani Rossiyasiz amalga oshirib bo‘lmaydi, deyishyapti. Shu o‘rinda 2008 yil inqirozi Rossiya ko‘magida ijobiy hal etilgani xotirlanadi.

Borrelning gapiga qaraganda, YeIda Rossiyani G20dan chiqarish istagi yo‘q. Qolaversa, “katta yigirmalik” qoidasida davlatlarni klub a’zoligidan chiqarish mexanizmi ishlab chiqilmagan.

G‘arbda Moskvaning G20dan chiqishi foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltirishini taxmin qilishadi. Taklif amalga oshgan taqdirda klub universal xususiyatini yo‘qotadi va oxir-oqibat evolyutsiya darajasida G7 qayta kengayishiga kelinadi.

Bayden Rossiya sabab dunyo tarqoq holatga kelib qolishini istamaydi. Moskva ixotalanishi dunyo iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir etadi. Nazariy jihatdan G20da konsensus ro‘y berganda, barcha a’zolar Rossiyaga qarshi ovoz berganda AQSHning ko‘ngli to‘lardi. Binobarin, bu xom xayol ekanini Oq uy yaxshi biladi.

Rossiyaning o‘zida ham “katta yigirmalik”dan chiqib ketish niyati yo‘q. Ekspertlar fikricha, bu muhim tizim doirasida dunyo tartiboti kelajagi ko‘rib chiqiladi.

Rossiya G20 doirasida kamida BRIKS davlatlari — Xitoy, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi bilan hamkorlikda AQSHning dunyo iqtisodiyotini boshqarishga qaratilgan yakka hokimlik tamoyiliga qarshi tura oladi.

Tahlilchilar G‘arb davlatlari kuchini qirqish va nog‘arbiy mamlakatlar sonini ko‘paytirish uchun “katta yigirmalik” tarkibini tubdan o‘zgartirish zarurligi haqida ko‘p gapiradilar. Shu bilan birga ayni adolatli qaror dunyo kuchlari muvozanati va manfaatini muvofiqlashtirishga olib kelgan bo‘lur edi, deya qo‘shimcha qilishadi…

AQSH – Eron munosabati jiddiylashmoqda…

Markaziy razvedka boshqarmasi Bosh direktori Uilyam Berns o‘tayotgan haftada “CBS” telekanalida shov-shovga moyil bayonot e’lon qildi: “Eron rahbariyati yadroviy qurol loyihasini qayta tiklamaydi. Dastur, deyarli, 20 yil oldin kun tartibidan chiqarilgan yoki to‘xtatib qo‘yilgan”.

Berns bu ma’lumot qayerdan kelib chiqqanini aytmagani aniq. Bir muddat avval esa “CNN” telekanali, manbani ochiqlamay, “Eron yadro quroli yaratish uchun Rossiyadan zarur xom-ashyo olyapti”, degan da’voni bildirgandi.

Tehronga qarshi shu yilning o‘zida qator bayonotlar e’lon qilindi. MAGATE “Eronda 84 foiz boyitilgan uran topilgani haqida gapirgan bo‘lsa, Isroil bosh diplomati Eli Koen Eron yadro poygasiga “diplomatik va iqtisodiy bosim orqali yoki MAGATEning tegishli talabiga to‘liq rioya qilinishini ta’minlagan holda barham berish mumkin”, dedi.

“Vashington Eron yadro quroliga erishmasligi uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda”, degan edi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yanvar oyi oxirida “Al-Arabiya” telekanaliga.

Endi esa, kutilmaganda, “muammoni hal qilish uchun eng samarali va ishonchli usul diplomatiya”, deb topildi. Bu bayonot Tehronga ham yoqib tushdi.

Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn Vashingtondan eronlik hamkasbi Husayn Amir Abdullohiyonga AQSH “Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakat rejasini tiklash bo‘yicha muzokaraga qaytishga tayyor” degan xabarni keltiradi.

Abdullohiyon yangi diplomatik texnologiyaga nisbatan ijobiy fikr bildirib, “biz hech qachon kelishishdan qochmaganmiz, faqat muzokara Vena muloqoti doirasida olib borilishiga rozimiz”, dedi. Bu ikki tomonga ham ma’qul.

“Oltilik”dan iborat Vena muloqotinga BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolari va Germaniya kiradi. Qo‘shma Shtatlar MAGATEni Eron “o‘yini”dan, shuningdek, Isroilni faol qo‘llayotgan ayrim Yevropa davlatlarini Vena jarayonidan chiqarmoqchi.

Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Eronni muzokarada “buzg‘unchi” qarashga egalikda va qiyinchilik bilan erishilgan kelishuvni rad etishda ayblaydi. Boshqa tomondan, ayrim eronlik va amerikalik ekspertlar taxmin qilganidek, Eron “Rossiya va Xitoyning mahkam geosiyosiy quchog‘idan chiqishga” harakat qilmoqda.

Ekspertlar uran zaxirasi boyitilish darajasini cheklash, sentrafuga sonini o‘zgartirish, Qo‘shma keng qamrovli harakat rejasini vaqtincha to‘xtatib turish, MAGATEning Eronda tekshiruv faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha yangi kelishuv muhokama qilinayotgani ehtimolini faraz qilishyapti. Buning evaziga Eron nefti eksporti embargosi olib tashlanishi, xorijda muzlatib qo‘yilgan mablag‘dan foydalanishga ruxsat berilishi va boshqa yon bosma choralar ko‘rilishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

Ilgari amerikalik tahlilchilar Eron yadro dasturi uchun doim turli sanksiya bilan tahdid qilgani, oqibatda konservatorlar qarashi kuchaygani uchun Prezident Baydenni tanqid qilishardi. Shu mantiqdan kelib chiqilsa, endi konservatorlar bilan to‘qnashuv qayta boshlanishini kutish mumkin. Demak, Bayden Eron yo‘nalishidagi harakat taktikasini o‘zgartirib, “maxfiy diplomatiya”ni amalga oshirish uchun yangi “savdo” boshlagandek.

Yadro kelishuviga qarshilar AQSHda ham, Eronda va mintaqada ham kam emas. Eron AQSH bilan o‘z o‘yinini o‘ynamoqda. G‘arb ekspertlari aytishicha, Tehron vaqtincha “iliqlik davri”dan foydalanib, “maxfiy diplomatiya”ni o‘z manfaati yo‘liga burmoqchi.

Abdullohiyon aytganidek, “avvalgi tajribadan kelib chiqib, AQSH bilan yangi muzokara jarayonida yanada ehtiyotkor va e’tiborli bo‘lish” talab etiladi.

Nazarimizda Eron – Amerika munosabatida keskinlik saqlanib qoladigandek. Tag‘in, kim biladi?..

Buguncha shu.

Kelasi haftada xabarlashguncha!

Abror G‘ulomov,

O‘zA siyosiy sharhlovchisi