O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalar belgilanib, bu bo‘yicha “Jizzax tajribasi”ni butun respublikaga ommalashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.
Mazkur topshiriq asosida joriy yilning 20 fevralidan 1 mart kunigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari hamkorligida “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini tashkil etildi. Mazkur maktab jasoratli, matonatli, shijoatli yoshlarni yuzaga chiqardi. Keling, yaxshisi bu haqida yig‘in taassurotlari bilan o‘rtoqlashsak.
Yig‘inning ilk kuni. Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridan kelgan yoshlar Nukus shahridagi Yoshlar markazida harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi. So‘ng yuz nafar yigitlar avtobuslarda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida joylashgan harbiy qism tomon yo‘l oldi.
Bolaligidan harbiy bo‘lish istagi bilan ulg‘aygan yoshlar “Jasorat maktabi” da orzulari ushalishidan shod, hayajon va quvonch ila harbiy qism hayotiga qiziqsinib qarashar, sobit qadamla, komandirga harbiycha salom bergan askarga havas ko‘zi bilan boqishardi. Uch qatordan saflangan yigitlarga “katta” tayinlandi. Endi ular fuqarolik hayotidan biroz chekingan, harbiy hayotga kirib borishayotgan edi. Nukus harbiy gospitalida tibbiy ko‘rikdan so‘ng harbiy liboslarni egniga ilgan yigitlar saf maydoniga tizilishdi. Yig‘inning ochilish marosimi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari ishtirok etib, yig‘in ularning yorqin kelajagida muhim debocha bo‘lib qolajagini aytib, ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi.
“Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inida mashg‘ulotlar “Jizzax tajribasi” asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari hamda kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida yo‘lga qo‘yildi.
Yoshlarni tarbiyalash hamda fuqarolik pozitsiyasini, ijtimoiy adaptatsiyasini kuchaytirish, kasbga o‘rgatish, jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb etish kabi ezgu maqsadlarni ko‘zlagan yig‘in qoraqalpog‘istonlik yigitlarda katta taassurot qoldirdi.
–Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saralab olingan yigitlar orasida men ham borligimdan judayam xursandman, – deydi Qorao‘zak tumanidan kelgan 21 yoshli Rasul Risnazarov. – Yig‘inda yurtimizning taniqli insonlari bilan uchrashdik, tadbirkorlar bilan yaqindan suhbatda bo‘ldik, malakali psixologlar tomonidan treninglar o‘tkazildi. O‘n kun davomida harbiycha yashadik. Bu juda qiziq edi. Yig‘inga kelgan kunimdan bir necha kun o‘tib o‘yladim. Ishsizlar safida kunlik ishlarni bajarib yurardim. Yo‘qotilgan yillarim haqida mulohaza qildim. Bo‘sh vaqtlarim juda ko‘p bo‘lgan ekan, yillar ortga qaytmaydi, lekin bugun kech emasligini tushundim. O‘qishga kirib, yurtim ravnaqi yo‘lida xizmat qilishni maqsad qildim. Bildirilgan ishonchi albatta, oqlayman.
– 18 yoshdaman, – deydi qonliko‘llik Saken Qilishbayev. – Yig‘in hayotiy qarashlarimni tubdan o‘zgartirdi. Teleekranlarda tengdoshlarimiz erishgan yutuqlarni ko‘rib, havas qilardim. Yig‘in davomida qachongacha havas qilaman, degan o‘y uyg‘ondi. Ha, qachongacha men ularga havas qilaman?! Bir umrmi?! Yo‘q. Men o‘zgarishim kerak! Menga ham havas ko‘zi bilan boqishlarini istayman. Inson o‘z oldiga maqsad qo‘yib unga intilsagina, natijaga erishishi mumkinligini angladim. Ha, yana yig‘inda men teatr tomoshasiga bordim. Umrimda birinchi marta spektakl tomosha qildim. Bilasizmi, onam ham teatrga bormaganlar. Men bir kun katta inson bo‘laman va onajonimni ham teatrga olib boraman. Vatan himoyachisi bo‘laman!
O‘n kunlik yig‘in doirasida Mudofaa vaziri o‘rinbosari genaral-mayor Hamdam Qarshiyev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov hamda Respublika harbiy prokurori o‘rinbosari adliya podpolkovnigi Qahramon Isroilov yoshlar bilan yaqindan suhbatda bo‘ldi. Harbiy bo‘lish istagini bildirgan yoshlarning murojaatlari qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma berildi.
–General harbiylar biz bilan suhbatlashdi, – deydi harbiy bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilgan Serdar Tagiyev. – Formaning ham salobati bor ekan, harbiylardek o‘ylay boshlar ekansan. Yurt kelajagi, tinchligi sening zimmangda, go‘yo. Men o‘zimni haqiqiy harbiydek his etdim. Mudofaa vaziri o‘rinbosari va harbiy okrug qo‘mondonining har bir so‘zini pandu-nasihatga yo‘g‘rilgan otamning so‘zlari deb bildim. Qo‘mondon “Yulduzingiz so‘nmasin. Yulduz nima? Orzu. Orzular qiling, yaxshi yashash va yaxshi nom qoldirishga intiling” deya bizga hayotbaxsh so‘zlarni aytganida, ichimda g‘alayon boshlandi. Bolalikdagi orzuim yana qaytadan meni zabt etdi. Men albatta, Vatan himoyachisi bo‘laman.
– Sartaroshlik hunarim bor, – deb o‘zini tanishtirdi Xo‘jayli tumanidan kelgan Adilbek Mamutov. – Yig‘inga ilk kelgan kunim, to‘g‘risi, juda ham ketishni istadim. Harbiycha hayotda yashash qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Lekin men o‘ylaganday emas ekan. To‘g‘ri, biroz uyquchiligim bor. Erta tongdan uyg‘onish qiyin bo‘ldi, bir pasda rejimga moslashdim. Ertalabki badantarbiya va sport tadbirlarida faolligim oshdi. Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi uchun bo‘lib o‘tgan voleybol musobaqasida faol ishtirok etgandim, meni vazirlik tizimiga ishga taklif qilishdi. Kutilmagan taklif meni quvontirib yubordi. Yig‘inda ochilmagan qirralarimiz namoyon bo‘ldi. Xohish, iroda, sabr va harakat bo‘lsa inson har narsaga qodir bo‘lar ekan.
– Opa, bir she’rim bor, gitaraga sozlayapman, eshitib ko‘ring, – deb uyalibroq so‘z qotdi yig‘in ishtirokchisi Salamat Pirjanov.
– Shoirmisiz, deb Salamatni tinglashga shayligimni bildirdim. U so‘zida davom etarkan: Opa, “Jasorat maktabi” haqidagi she’rim o‘zbek va qoraqalpoq tillarida. Uch yildan buyon she’r mashq qilmay qo‘ygan edim. Telefon o‘yinlari va ijtimoiy tarmoqlar uch yillik umrimni o‘z domiga tortib ketibdi. O‘n kunlik yig‘inda hayotga qayta tug‘ilgan inson misoli fikrlarim yangilandi. Vaqt qadrini angladim. Endi mening ham maqsadlarim bor. Meni birov tinglamaydi, deb o‘ylardim. Lekin men bilan ham fikrlasha boshladilar, o‘z fikrimni jamoaga ayta olyapman. “Jasorat maktabi” meni jasoratli bo‘lishga o‘rgatdi. Bizlarga yaratilayotgan bu e’tibor va g‘amxo‘rliklardan minnatdormiz.
Nukus shahridagi Qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi va “Ishga marhamat” monomarkaziga uyushtirilgan ekskursiyalar ham yig‘in ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi. Endilikda yigitlarning belgilagan hayot yo‘li oydin ranglardagi sahifalarga bitilishi muqarrar. O‘n kun shunchaki o‘tmadi hisob, maqsadli rejalar kurtak yozdi.
Shohista ABDURAHMONOVA,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.
O‘zA