Har besh fransuzdan to‘rt nafari Parij Olimpiadasi uchun sotuvga chiqarilgan chipta narxi kutilgan bahodan qimmat, deb hisoblaydi. Bu ma’lumot “Winamax” bukmekerlik kompaniyasi bilan “RTL” media guruhi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasidan keyin e’lon qilindi.

Ma’lumki, ikki hafta muqaddam “Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi sport ixlosmandlari uchun sotuvga chiqargan 3 millionta biletning hammasi o‘z egasini topdi.

18 yoshdan katta 1005 nafar kishi ixtiyoriy ishtirok etgan. Tahlil shuni ko‘rsatdiki, fransuzlarning 82 foizi Olimpiada chiptasi juda qimmat, degan. So‘ralganlarning 79 foizi xarid jarayoni murakkabligini ta’kidlagan.

Tashkiliy qo‘mita xabariga ko‘ra, ikkinchi bosqich may oyida boshlanadigan jarayonda muxlislarga bir martalik musobaqalar, shuningdek, ochilish va yopilish marosimi uchun chipta sotish rejalashtirilgan.

Yozgi Olimpiya o‘yinlari chiptalarini sotishning uchinchi, ya’ni so‘nggi bosqichi 2023 yil oxirida belgilangan. Tashkiliy qo‘mita rahbari Toni Estange “Parij-2024” tadbirlarini bevosita tomosha qilish 2012 yilgi London Olimpiadasidan qimmat emasligini, birinchi bosqichda 1 million chipta 24 yevrodan sotilgani, narx 50 yevrogacha bo‘lishi mumkinligini bildirib, keyingi bosqichlarda ham shunday holat saqlanib qolishini aytib o‘tdi.

So‘rovda aniqlanishicha, aholining 69 foizi Olimpiada Parijda tashkil etilayotganidan mamnun, 64 foizi esa to‘rt yillik o‘yinlar, mislsiz xarajat talab etishiga qaramasdan, mamlakat iqtisodiyoti yuksalishiga xizmat qilishni e’tirof etgan.

 

T. Ro‘ziyev,

O‘zA