Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish belgilangan.
– Qarorga muvofiq, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganib, bartaraf qilish yuzasidan sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etib kelmoqdamiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Javohir Xudayberganov. – Xususan, tuman Kengashi tomonidan 2022 yil davomida hududda faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklarining manfaatini ko‘zlab 65 ta da’vo arizasi kiritildi. 3 milliard 800 million so‘m undirib berildi. Jumladan, “Qirqqizobod” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan “Chayka sut bulog‘i” fermer xo‘jaligi manfaatiga Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga javobgar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining fermer xo‘jaligida kameral tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha qarorini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha da’vo ariza kiritilib, sud tomonidan qanoatlantirildi. Hisoblangan 760 million so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i fermer xo‘jaligiga qaytarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining fermer xo‘jaligida noqonuniy o‘tkazilgan kameral tekshiruv vaqtida fermer xo‘jaligiga ko‘p miqdorda moddiy zarar hamda boy berilgan foyda aniqlangan. Holat bo‘yicha tegishli idoralar bilan o‘rganib chiqilib, fermer xo‘jaligiga boy berilgan foyda hamda moddiy zarar jami 2 milliard 770 million so‘m ekanligi aniqlanib, sudga da’vo ariza kiritilgan. Hozirgi kunda sud bosqichida turibdi.
“Amirobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Ismoil Ro‘zimbetov” dexqon xo‘jaligida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasining ushbu dexqon xo‘jaligida kameral tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha qarorlarini haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha da’vo ariza kiritilib, sud tomonidan qanoatlantirildi. 327 million so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i dehqon xo‘jaligiga qaytarilishi ustida ishlar olib borilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha izoh berib o‘tadigan bo‘lsak, Soliq organi xodimlari tomonidan Prezidentimizning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulayliklar hamda imtiyozlar yaratish bo‘yicha chiqarilayotgan qarorlarini inobatga olmaslik holati uchrab turibdi. Natijada, tadbirkorlar, ya’ni, fermerlarni sarson-sargardonlik, sudma-sud yurishiga majbur qilib kelmoqda.
2023 yil mart oyi boshlansa ham tumanda faoliyat yuritib kelayotgan ayrim paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklarining o‘tgan yilgi yetkazib bergan paxta xomashyosi uchun to‘lovlari bo‘yicha to‘liq hisob-kitob ishlari amalga oshirilmaganligi sababli tuman Kengashi tomonidan talabnomalar chiqarilib, ogohlantirishlar berilgan.
Fyuchers shartnoma “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-xuquqiy bazasi to‘g‘risida” gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Lekin paxta-to‘qimachilik klasterlari ushbu shartnoma shartlariga, belgilangan muddatlariga e’tibor bermasdan, to‘lanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lamaslik holatlari kuzatilmoqda.
Joriy yilning ikki oyida tumandagi fermer xo‘jaliklarining manfaatini ko‘zlab 31ta da’vo ariza kiritildi. Hozirgi kunda kiritilgan da’vo arizalar sud tomonidan ko‘rilmoqda. Tumandagi fermerlarning 2022 yil hosili uchun paxta xomashyo pul mablag‘larini klasterlardan undirib berish bo‘yicha da’vo arizalar tayyorlanib, sudga yuborish ishlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA