Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

Yangi O‘zbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz deya ta’kidlab,  har bir harbiy qismlarga umumta’lim maktablarini biriktirish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini, shon-sharaf va jasorat darslari tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish hamda kelajak avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar” dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida yosh avlodni ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom etib tarbiyalashga qaratilgan “Yosh chegarachilar” musobaqasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu dastur ijrosini ta’minlash maqsadida DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining 2023 yildagi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi tashkil etildi.

Musobaqaning mas’ul ijrochilari O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Madiniyat va turizm vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Transport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati hisoblanishadi.

Mazkur musobaqaning asosiy maqsadi yosh avloddan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy qismlari qoshida tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” klubi saflarini o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari bilan to‘ldirish, DXX Chegara qo‘shinlari safiga munosib o‘rinbosarlar tayyorlash, ularni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, Respublika chegaraoldi hududlaridagi uyushmagan yoshlarni birlashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda jinoyatchilikni oldini olishdan iborat.

2011 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan va an’anaga aylangan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasini bu yilgi mavsumini ko‘tarinki ruhda va keng ravishda tashkil etish uchun yig‘ilgan hamkor tashkilot vakillari tomonidan o‘tgan yillar davomida erishilgan yutuq va kamchiliklar, Respublika bosqichini o‘tkazish joyi hamda boshqa masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, Respublikamiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Respublika bosqichiga yetib kelgan 13 ta jamoa a’zolarini kutib olish, diqqatga sazovor joylarga sayohatga olib chiqish, uch kun davomida yotoq joy, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi hamda musobaqalar g‘oliblarini, ularning murabbiylarini, “Eng ilg‘or” nominatsiya egalarini munosib rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Nilufar Bozorova,  

O‘zA