Osiyo va Yevropani bo‘lib turgan chegara – Qoraqalpog‘istonning shimoliy-g‘arbida, Kaspiy bilan Orolning o‘rtasida cho‘zilib yotgan bepoyon Ustyurt platosi dunyoda eng kam o‘rganilgan joylardan biri sanaladi.
Million yillardan buyon qanchadan-qancha tarixiy voqealar va tabiat hodisalari guvohi bo‘lib, mangu sukunat saqlab kelayotgan Ustyurt chinklari (jarliqlari) esa o‘zining betakror jozibasi bilan ko‘rgan kishini rom qilib kelmoqda.
Olimlarning fikricha, Ustyurt platosi bundan 21 million yil avval, kaynozoy davrida ikki materikning to‘qnashuvi natijasida paydo bo‘lgan tektonik jarayondir. Undan avval Ustyurt platosi Tetis ummonining osti bo‘lgan. Buni platodagi chig‘anoq toshlar, shuningdek sochilib yotgan mayda dumaloq temir marganesli konkretsiyalar isbotlaydi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida 200 ming kv. metr maydonda joylashgan plato chinklarining balandligi o‘rtacha 150-200 metrni (ba’zi joylarda 350 metrgacha) tashkil qiladi.
Yaqinda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizmni rivojlantirish boshqarmasi tashabbusi bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari Ustyurt kengliklari bo‘ylab mediatur uyushtirgan edi.
Ushbu sayohat davomida suratga olingan Ustyurt chinklarini tomosha qilishingiz mumkin.