Ma’lumki, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi o‘lchovi makroko‘rsatkichlarning bazaviy to‘plami asosida amalga oshirilib, ularning orasida iste’mol narxlari indeksi iste’mol sektoridagi inflyatsion jarayonlarning asosiy indikatori sifatida alohida o‘rin egallaydi.

Mamlakat iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkich bu – iste’mol narxlari indeksi bo‘lib, u o‘zgarmas iste’mol tuzilmasiga ega bo‘lgan holda tovarlar va xizmatlarning belgilangan to‘plami qiymatining o‘zgarishlarini ifodalaydi.

Statistika agentligining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar va fevral oylari davomida narxlar rasmiy hisoblarga ko‘ra atigi 1,36 foiz darajasida oshgani qayd etilgan. Bu 5 yillik tarixdagi minimum hisoblanadi. Fevral oyining inflyatsiyasi 0,5 foizni, yillik inflyatsiya esa 12,2 foizni tashkil etgan.

Un -1,6 foiz, kungaboqar yog‘i -1,3 foiz, tuxum -1,3 foiz, mol go‘shti -1,2 foiz, qo‘y go‘shti -0,7 foizga arzonlashgani kuzatilgan. Piyoz +9 foiz, guruch +4 foiz, kartoshka +2,4 foiz qimmatlashishda davom etgan.

Ijara narxlarida o‘zgarish bo‘lmagan. 2023 yilning fevralida benzinning qisqa muddatli iste’mol narxlari indeksi

101,1 foizni, avtomobillar uchun boshqa yonilg‘ilar bo‘yicha 105,3 foizni tashkil etdi. Havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari iste’mol narxlari indeksi oy davomida 103,1 foizga, avtomobil transportida 101,7 foizga, temir yo‘l transportida 100,6 foizga yetdi. Joriy yilning fevralida yangi yengil avtomobillar narxlarida o‘sish kuzatildi. Ularning iste’mol narxlari indeksi oy davomida 101,3 foizni tashkil etdi.

Benzin 1,1 foizga, avtomobillar uchun boshqa yoqilg‘ilar 5,3 foizga, yo‘lovchi tashish xizmatlari 1,9 foizga, tovar tashish esa 1,5 foizga qimmatlagan.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA