Bugun, 1 mart kuni yurtimizda futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi bahslari boshlanadi. Unda 16 ta jamoa qatnashmoqda. Uchrashuvlar ikki shaharning to‘rt stadionida o‘tkaziladi. Bugun “Bunyodkor” stadionida qit’a kubogining tantanali ochilish marosimi tashkil etiladi.

Kecha O‘zbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo kubogi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

– Biz bu turnirni intizorlik bilan kutdik. Nafaqat jamoa, balki tashkiliy qo‘mita tomonidan musobaqaga uzoq tayyorgarlik ko‘rildi. Umuman olganda, biz murosasiz bahslarga tayyormiz. Albatta, O‘zbekistonda o‘tayotgan musobaqada barcha jamoalar o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘ygan. Xususan, biz ham. Yurtimizda o‘tadigan ushbu turnirda zafar quchib, Indoneziyada bo‘ladigan Jahon chempionatiga yo‘l olishni maqsad qilganmiz. Barcha raqib jamoalarni hurmat qilamiz. O‘ylashimcha, ularni yetarlicha o‘rganishga harakat qildik. Bilasiz, pandemiya tufayli bu yosh toifasidagi bir nechta turnirlar qoldirildi. Biroq, biz reja bo‘yicha ishladik. Belgilangan o‘quv-yig‘inlarda qatnashdik. Kuchli jamoalarga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdik,– dedi Ravshan Haydarov.

Darhaqiqat, mamlakatimizda tashkil etilayotgan mazkur chempionat bahorning ilk kunlariga to‘g‘ri kelganligi muxlislar uchun ayni muddao bo‘ldi. Zotan, atrofning go‘zallikka chulg‘ana boshlashi, ob-havoning iliq tafti ishqibozlar ruhiyatiga futbol kayfiyatini jo etishi bilan ham totlidir. Bundan tashqari, qit’aning eng kuchli yosh futbolchilari, jamoalari Toshkentda aniqlanishi, shiddatli bahslar ortidan yurtimizning yuzlab barkamol avlod vakillariga ommaviy sport bilan oshno tutinishga ruhiy quvvat bag‘ishlashi bilan ham ushbu futbol bahslari ahamiyatlidir.

Bugun “Bunyodkor” stadioni Osiyo kubogi guruh bosqichining ilk uchrashuvida O‘zbekiston-Suriya jamoalari ro‘baro‘ keladi.

 

N.Rahmonova,  

O‘zA