Bolgariyada davom etayotgan “Stranja” turniri tobora o‘zining eng yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda. Turnirdagi ortda qolayotgan har bir kun kutilgan va kutilmagan vaziyatlar, natijalarga boy bo‘lmoqda.
Kecha minglab boks ixlosmandlari orziqib kutgan uchrashuv yuz bermadi. Jalolov – Kunkabayev ishtirokidagi qiziqarli jang qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasining ringga chiqmagani sababli hamyurtimiz Bahodir Jalolov foydasiga hal bo‘ldi va bokschimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Demak, “Tokio-2020” Olimpiadasi finalchilari o‘rtasida ro‘y berishi kerak bo‘lgan sakkizinchi jangning tashkil etilmagani tufayli hisob 6:2 ko‘rinishini oldi. Bahodir Jalolov ustunligini yana bir karra mustahkamladi. Boks ixlosmandlariga qiziqarli bo‘lgan Jalolov – Kunkabayev to‘qnashuvi joriy yil 1-14 may kunlari Toshkentda bo‘ladigan Jahon chempionatida ro‘y beradimi yoki yo‘q noma’lum.
Hasanboy Do‘smatov, Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakov, Madiyor Saidrahimov singari o‘nlab jahon boksida o‘z so‘ziga ega bokschilarning “Stranja” narvonidan sobit ko‘tarilayotgani qiziqarli hamda shiddatli janglar oldinda ekanligidan dalolat bermoqda.
Bevosita qolgan uchrashuvlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, kechagi kun bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining to‘rt nafar a’zosi tomoshabinlar safidan joy oldi. Ularning ikki nafari hindistonlik, bir nafari xitoylik bokschidan mag‘lub bo‘ldi. Yosh bokschimiz Temurxon Sobirov jarohati tufayli musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Bokschilarimizning 14 nafari bevosita janglar natijasida raqiblaridan medallar uchun kurashish imkoniyatini tortib olgan bo‘lsa, Bahodir Jalolov va Nurislom Ismoilov raqiblarining ringga chiqmasligi orqali sovrinlar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Bugun, 24 fevral kuni o‘tkaziladigan bahslarda 51 kilogrammda Hasanboy Do‘smatov – Sean Mari (Irlandiya), 57 kiloda Abdumalik Xalakov — Orazbek Assilkulov (Qozog‘iston), 75 kiloda Havasbek Asadullayev — Kallum Piters (Avstraliya), 63,5 kiloda Ruslan Abdullayev — Ozmen Kerem (Turkiya), 63,5 kiloda Mujibillo Tursunov — Malik Hasanov (Ozarbayjon), 75 kiloda A’loxon Abdullayev — Nurkanat Rayis (Qozog‘iston), 92 kiloda Lazizbek Mullajonov — Keno Machado (Braziliya), 80 kiloda Jasurbek Yo‘ldoshev — Bekzad Nurdauletov (Qozog‘iston), 92 kiloda Madiyor Saidrahimov — Xulio Kastilo (Ekvador) va ayollar o‘rtasida 48 kiloda Saidaxon Rahmonova — Gloriya DʼAmeida (Fransiya) janglari o‘tkaziladi.
E’tiborli jihati, mazkur o‘nta jangning uchtasida bokschilarimiz qozog‘istonlik sportchilar bilan ro‘baro‘ keladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA