O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Dramaturgiya (Teatr, kino, televideniye) kengashi faoliyatining 2022 yil yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2022 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Dramaturgiya kengashi tomonidan 15 dan ortiq turli janrdagi dramatik asarlar ko‘rib chiqilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Halima Ahmadning “Ko‘rpacha yoxud Sizdan keyin…”, “Afsunlangan tun” dramalari, Boborahim Omonning “Parvoz va inqiroz”,  Shoyim Bo‘tayevning “Syurpriz”, Karomat Dilmonovning “Shoir qanoti”, O‘zbektosh Qilichning “O‘zbegoyim”, Farmon Toshevning “Bahodir Yalangto‘sh” nomli pesalari hamda Abdurauf Baxmaliyning “Halol ham aniq, harom ham aniq” nomli turkum ssenariylariga taqrizlar yozilib, tegishli tavsiyalar berildi.

O‘tgan hisobot davrida kengash tomonidan Nafas Shodmonov, Qilich Abdunabiyev, Jo‘ra Mahmudlarning pesalar to‘plami nashrga tavsiya qilindi.

2022 yilda O‘zbekiston teatrlarida 130 ga yaqin spektakllar sahnalashtirilgan bo‘lib, shularning yarmi, ya’ni 60 ga yaqini o‘zbek dramaturgiyasi namunalaridir. Ular orasida o‘zbek dramaturglarining   turli yillarda yozilgan pesalari, inssenirovkalar bilan birga “Usmon Nosir” (I.Mirzo), “Issiq qor” (J.Jovliyev), “Soyangga ham sir aytma” (Q.Norqobil), “To‘maris” (Sh.Pardayev), “Davr o‘g‘loni” (S.Sirojiddinov),  “Ibrat” (N.Abbosxon) kabi o‘nga yaqin yangi sahna asarlari bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan vazifalarga muvofiq teatrlarga bir nechta sahna asarlari yozildi.

Jumladan, Iqbol Mirzoning “Usmon Nosir”, Javlon Jovliyevning “Issiq qor” dramalari asosida yangi spektakllar sahnalashtirildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda Qo‘chqor Norqobilning “Tog‘lardek baland bo‘l” pesalar to‘plami 2022 yilning eng yaxshi dramaturgik asari sifatida e’tirof etildi. Kengash a’zosi, yosh dramaturg Sardor Hamroyev ssenariysi asosida suratga olingan “Ayol qismati” (D.Masaidov bilan hammualliflikda) filmi “Oltin Humo” milliy kinotaqdimotida “Yilning eng yaxshi filmi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Hisobot yig‘ilishi yakunida Dramaturgiya kengashining 2023 yil faoliyatiga oid rejalari muhokama qilindi, fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Kun tartibida ko‘rilgan masalalar yuzasidan kengashning tegishli qarorlari qabul qilindi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri