Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi tashqi siyosat komissiyasi rahbari Van I bilan uchrashdi.
Xitoy diplomati muzokaralar chog‘ida XXR Raisi Si Szinpinning samimiy salomini yetkazdi, deyiladi Kreml matbuot xizmati xabarida.
“Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emas, ammo ularning bosim o‘tkazishiga beparvo ham bo‘lmaymiz”, deb bayonot berdi xitoylik diplomat.
Van I “ikki davlat munosabatlari xalqaro hamjamiyat bosimiga dosh berib kelmoqda va barqaror rivojlanishda davom etadi”, deb ta’kidladi.
Xitoy bosh diplomati “Moskva bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashga tayyor”, dedi.
Putin “Biz XXR Raisi Si Szinpinning avval kelishilganidek Rossiyaga tashrif buyurishini kutmoqdamiz”, dedi.
“Rossiya – Xitoy munosabatlari rejalanganidek rivojlanmoqda, biz yangi marralarni qo‘lga kiritmoqdamiz”, deb so‘zini davom ettirdi.
Rossiya yetakchisi “dunyodagi hozirgi murakkab davrda, Xitoyning hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi”.
“Xalqaro vaziyatni barqarorlashtirish uchun Rossiya va Xitoy hamkorligi juda muhim”, deb qo‘shimcha qildi Putin.
O‘zA