Oliy Majlis Senati O‘zbekistonda mehnat qonunchiligiga rioya etish, ayniqsa, majburiy mehnatga barham berish borasida izchil ishlarni amalga oshirmoqda.

Senat huzuridagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining sa’y-harakati bilan bolalar mehnatiga barham berildi. Buni ko‘plab xalqaro tashkilotlar e’tirof etdi. O‘zbekiston paxtasiga nisbatan boykot bekor qilindi.

– Mehnat standartlariga rioya qilish borasida qat’iyatimiz o‘zgarmasdir, – deydi Senat Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva. – Biz xalqaro mehnat standartlariga qat’iy amal qilgan holda hamyurtlarimiz huquqlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlashga tayyormiz. Shu bois Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, O‘zbekiston mehnat qonunchiligini XMT konvensiyalari va tavsiyalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni kelgusida ham davom ettiramiz.

Bu fikrlar “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targ‘ib qilish” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada qayd etildi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Tanzila Norboyeva mamlakatimizda so‘nggi yillarda qat’iy siyosiy iroda tufayli mehnat munosabatlari sohasida fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganini alohida e’tirof etdi.

Xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish, ijtimoiy himoyani ta’minlash, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, gender tenglik va inklyuzivlikka erishish O‘zbekiston uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu borada kelgusida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar davom etadi.

 

O‘zA