Joriy yil fevral oyining uchinchi o‘n kunligi mamlakatimiz sportchilari uchun har jihatdan mas’uliyatli musobaqalarga boyligi bilan yodda qolmoqda.

Bokschilarimiz Bolgariyadagi “Stranja” xalqaro turnirida, shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Germaniyada dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi ishtirokida o‘tkazilayotgan “WR Chess Masters” turniridagi murosasiz bahslarda qatnashmoqda.

Kecha “WR Chess Masters” turnirining 5-tur o‘yinlari ortda qolgan bo‘lsa, bokschilarimizning 12 nafari dastlabki saralash bashlarida muvaffaqiyatga erishdi.

Germaniyaning Dyusseldorf shahrida kechayotgan “aql janglari”ning yakunlangan 5-turida hamyurtimiz germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi qora donalarda harakatlandi. O‘yinning 23-yurishida Nodirbek oq donalarda himoya holatida bo‘lgan nemis shaxmatchisini deyarli mot holatiga keltirgandi. Ammo, kutilmagan noaniq harakat oxir-oqibat uchrashuv Keymer foydasiga yakunlanishiga olib keldi.

Bugun 6-tur bahsida Abdusattorov hindistonlik Dommarayu Gukesh bilan ro‘baro‘ keladi.

Nodirbekning Dyusseldorfdagi “oq-qora” taxtalardagi murakkab holatidan xoli tarzda Sofiya ringlarida O‘zbek boksi shiddatini namoyish etayotgan charm qo‘lqop ustalarimiz kecha shov-shuvli natija qayd etishdi.

Saralash janglarida ishtirok etgan 13 nafar bokschimizdan 12 nafari ringni g‘alaba bilan tark etdi. Abdumalik Xalakov, Ruslan Abdullayev, Nurislom Ismoilov, Mujibullo Tursunov, Saidjamshid Jafarov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Shahzod Muzaffarov, Bekzod Hamidov, Shohjahon Abdullayev, Odiljon Aslonov va Madiyor Saidrahimov qiyinchiliksiz keyingi bosqichga yo‘l olishdi.

Bugun, 22 fevral kuni yana bir qator bokschilarimiz, jumladan jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov, Rio Olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov ringga ko‘tarilishi kutilmoqda. Jalolov ilk jangini amerikalik Joshua Edvardsga qarshi o‘tkazsa, Do‘smatov Yevropa boks konfederatsiyasi bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Salo Dzlanis bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha 74-bor tashkil etilayotgan “Stranja” xalqaro turniri 26 fevralga qadar, shaxmatchilar o‘rtasidagi “WR Chess Masters” turniri 25 fevralga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA