Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi yakuni bo‘yicha jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi yakuni bo‘yicha jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov va Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri S.Rabboniy nufuzli tadbir ahamiyati, mazmun-mohiyati, erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, mazkur xalqaro konferensiya dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga g‘oyat muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

A.Komilov Toshkent konferensiyasida ko‘rilgan masalalar, bugun qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida belgilangan vazifalar shu bilan to‘xtab qolmasligini ta’kidladi. Toshkent deklaratsiyasi Afg‘oniston muammosini hal etishning aniq yo‘llari belgilab berilgani bilan ahamiyatli bo‘lgani e’tirof etildi.

S.Rabboniy Afg‘onistondagi tahlikali vaziyat mintaqa mamlakatlari taraqqiyotiga ham to‘sqinlik qilayotgani haqida aytdi. Tarixiy kutilgan, muhim ahamiyatli tashabbusni ilgari surib, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferenitsiyasini o‘tkazishga bosh o‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston hukumatiga, o‘zbek xalqiga alohida minnatdorlik bildirdi.

Toshkent xalqaro konferensiyasida 25 davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya ishini 300 ga yaqin chet ellik va mahalliy jurnalistlar yoritib bordi.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA