bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizda elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi asosiy tizim hisoblanadi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80 foizi korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu o‘rinda, korxonaning 2022 yildagi faoliyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi 17,9 trillion so‘mni tashkil etgan. Reja ko‘rsatkichi 103,8 foizdir.
“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedovning ta’kidlashicha, o‘tgan yil natijalariga asosan 55,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 5,35 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, yagona energotizimga uzatildi.
–Tarmoqni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, boshqaruv tizimini jahonda tan olingan tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida “McKinsey&Company”, KPMG va Deloitte kabi xalqaro konsalting kompaniyalari jalb qilindi hamda o‘rganishlar natijasida bir qator tashabbuslar va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi, – dedi M.Bekmuhammedov. – Shunga ko‘ra, iste’molchilarga barqaror energiya resurslarini yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash, yuqori rivojlangan hamda energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida 2022 yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trillion so‘mga pasaytirildi. Bunda belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi. Investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 256,3 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9 foizni tashkil etdi.
Ta’kidlash kerakki, investitsiya loyihalari doirasida hozirgi vaqtda Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va “Talimarjon” IESning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu ishlarni samarali tashkil qilish maqsadida jamiyat AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya kabi davlatlarning kompaniyalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, 2022 yilda jahonda “Katta uchlik” guruhiga kiruvchi AQSHning “Fitch Ratings” reyting agentligi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning xalqaro indikativ reytingini “BB-” “Barqaror” darajada baholadi va O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga tenglashtirdi. Mazkur reyting aksiyadorlik jamiyatini jahonning investitsiya bozorlarida aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy holatiga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitadi.
O‘tgan yilda nafaqat ishlab chiqarish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, balki xodimlarni qayta o‘qitish, xorijda malakasini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan Germaniya, Italiya, Rossiya va Yaponiya kabi davlatlarda 100 dan ortiq, “Navoiy” IES qoshidagi kelajak energetikasi ta’lim muassasasida esa 200 ga yaqin xodim malakasi oshirildi. Sohaga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida 123 ta yangi bo‘sh ish o‘rni yaratilib, ularga sohaviy o‘rta-maxsus va oliy ta’lim muassasalarining yosh bitiruvchi-mutaxassislari jalb etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA