Joriy yil 16 fevralda “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

bugungi kunda ko‘pchilik yurtdoshlarimizda quyosh panelini o‘rnatganlarga qancha subsidiya berilishi, qanday soliq imtiyozlari borligi, tadbirkorlarga qanday imkoniyatlar yaratilishi bo‘yicha savollar tug‘ilmoqda.

Mazkur hujjatga muvofiq, joriy yilning 1 apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli, ya’ni umumiy quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolar yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Bundan tashqari, ular yuridik shaxslar tomonidan umumiy foydalanishdagi tarmoq uchun sotilgan elektr energiyasi uchun undiriladigan daromad solig‘ini to‘lashdan ham ozod qilinadi.

Hujjatda qayd etilishicha, shu yil 1 aprelidan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – 10 yil muddatga qator soliq turlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Xususan, ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i, yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘idan ozod etiladi. Qolaversa, tadbirkorlar, xorijiy investorlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga o‘rnatilgan tariflarda, boshqa iste’molchilarga o‘zaro kelishilgan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishi mumkin.

Shu bilan birga, boshqa shaxslarga tegishli ob’ektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishi mumkin bo‘ladi.

E’tiborlisi, Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan joriy yil 1 martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi. Shu yilning 1 mayidan esa foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.

Yana bir yangilik. Endilikda yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.

Qolaversa, O‘zbekistondagi barcha yoqilg‘i ya’ni avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.

Yana bir qulaylik, quyosh panellarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan fuqaro va tadbirkorlarga  yurtimizdagi “Mikrokreditbank”, Xalq banki, Ipoteka-bank, “Qishloqqurilishbank”, “O‘zsanoatqurilishbank”larda kreditlar ajratilmoqda. Misol uchun, Xalq banki tomonidan fuqarolar uchun boshlang‘ich to‘lovisiz “Yashil makon” iste’mol krediti 5 yilgacha muddatga 15 foizdan 60 million so‘mgacha kredit berilmoqda. Kredit ta’minoti jismoniy shaxs kafilligi asosida kredit bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobaridan oshganda mol-mulk garovi qo‘yish orqali ajratiladi.

Kreditning muhim shartlardan biri, kredit to‘lovi differensial usulida amalga oshiriladi. Quyosh fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitgichlari, shamol generatorlari, quvvati 1 MVt gacha bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrostansiyalari, biogaz ishlab chiqaruvchi uskunalar, biogaz qurilmalari, boshqa qayta tiklanuvchi energiya manba qurilmalari, energiya saqlash tizimlari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish uchun ajratiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bu kreditlar 18 yoshga to‘lgan va 55 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga beriladi.

Yana bir ma’lumot, quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar ishlab chiqargan elektrni davlat kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi. Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovati 1 ming so‘mdan sotib olinadi. Hozirgi tarif 295 so‘mni tashkil etadi. Har oyda hisob-kitob qilib, mablag‘lar xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda davlatimiz tomonidan keng imkoniyat yaratilgan. Bundan unumli foydalanish esa o‘zimizga bog‘liq. Zero, elektr energiyasi bizga har kuni kerak. Shunday ekan tabiat in’om etgan qayta tiklanuvchi manbalardan unumli foydalanish lozim. Bu har tomonlama o‘zini oqlaydi. “Yashil texnologiyalar”dan foydalanish orqali bir necha barobar ko‘proq quvvatlarni joriy etish va milliardlab mablag‘larni tejash mumkin.

Misol uchun, 96 ta xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga yiliga 100 ming kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish mumkin. Ushbu qurilmalarning ko‘p o‘rnatilishi mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradi. Elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingani sari, tabiiy manbalar tejaladi. Energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni pasaytirish imkoniyati oshadi. Eng muhimi ekologik toza, “yashil” energiyaga o‘tish jarayoni faollashadi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA