Energetika vazirligi, Xitoyning “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi o‘rtasida Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuv imzolandi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, imzolangan kelishuvga asosan ushbu kompaniyalar konsorsiumi tomonidan yurtimizga 2 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.
–Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, 2024 yilda esa to‘liq quvvatlarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida yiliga 5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi, –dedi vazirlik matbuot xizmati bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
Bugun imzolangan ushbu hujjat tashrif doirasida imzolangan ikkinchi hamkorlik kelishuvidir. Tashrif chog‘ida 15 fevral kuni Energetika vazirligi va “CEEC ENERGY CHINA” kompaniyasi o‘rtasida Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 megavattli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan edi.
O‘zA