O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudyalar, bojxona, soliq sohasi mutasaddilari, olimlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov boshqargan yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda sud-huquq tizimini isloh qilish jadallashtiriladi hamda sohaga ilg‘or xalqaro standartlar joriy qilinadi.

Bu vazifalar davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlarida belgilab berilgan.

Yig‘ilishda Oliy sud plenumining bir qator qarorlari ko‘rib chiqildi. “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi plenum qarori qabul qilindi.

Unda bojxona qonunchiligi buzilganligi uchun jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi omillar, bojxonaga oid qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishi, kontrabanda bilan bog‘liq ishlarni kvalifikatsiya qilish masalalari, jinoyat predmetlari hamda ish bo‘yicha olingan ashyoviy dalil taqdirini hal etish bilan bog‘liq masalalar o‘z ifodasini topdi.

“Er va xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari hamda umumiy mulkini bo‘lishga oid nizolarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi plenum qarorida er-xotin o‘rtasida umumiy mol-mulkni bo‘lish tartibi ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra, birgalikdagi umumiy mulkni bo‘lish nikoh davomida, nikoh bekor bo‘lgandan keyin, nikohdan ajratish haqidagi ishni ko‘rish vaqtida er va xotinning da’vosi bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Xususan, umumiy mulkni bo‘lish haqidagi da’vo bilan sudga er va xotindan tashqari, masalan ularning umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish zarurati tug‘ilgan holatlarda kreditor ham murojaat qilishga haqli. Muomalaga layoqatsiz er-xotinning manfaatida umumiy mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi da’vo arizani uning vasiysi berishi, vafot etgan er va xotinning umumiy mulkdagi ulushini aniqlash haqidagi da’vo ariza bilan uning merosxo‘rlari murojaat qilishi mumkin.

Shuningdek, agar mol-mulk er yoki xotindan biri tomonidan nikohga kirguniga qadar kredit mablag‘lari evaziga sotib olingan bo‘lib, kredit majburiyatlari esa nikoh davomida bajarilganda, nikoh davomida to‘langan pul summasi er-xotinning umumiy mulki hisoblanishi haqida ham tushuntirish berildi.

Umuman olganda, ushbu qaror kelgusida er va xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari hamda umumiy mulkni bo‘lishga oid nizolarni qonuniy va adolatli hal qilishga xizmat qiladi.

“Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi plenum qarorida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun hamda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qoidalari, tartibi va muddatlari yuzasidan, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda soliq qonunchiligini qo‘llash borasida sudlarga tushuntirishlar berilgan.

Soliq sohasidagi nizolar fuqarolik ishlari bo‘yicha, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgani bois, ishlarning sudlovga taalluqliligiga hamda protsessual huquq normalarini qo‘llash yuzasidan tushuntirishlar berilib, amaliyotda mavjud muammolarga nuqta qo‘yiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, soliqqa oid nizolarni ma’muriy va iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha aniq rahbariy tushuntirish berildi.

Shu kungacha sud amaliyotida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning turli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holat, ya’ni surishtiruvchi, tergovchi va prokurorning qarori yoki sudning ajrimi asosida tayinlangan taftish natijalari bo‘yicha vakolatli organ tomonidan qonuniy choralar ko‘rish haqida qabul qilingan qarori ishchi guruh a’zolari hamda tergov, soliq organlari vakillari bilan o‘tkazilgan bahsli munozaralardan so‘ng qarorda ma’muriy hujjat hisoblanishi va uning ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkinligi haqida rahbariy tushuntirish berildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi plenum qarori ham qabul qilindi. Qaror asosida Oliy sud plenumi tomonidan qabul qilingan 18 qarorning 37 bandiga o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek tahririy tuzatishlar kiritildi.

Bundan tashqari, majlisda Oliy sud plenumining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi qarori ham qabul qilindi.

Majlisda Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

N.Abduraimova, O‘zA