Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisi taklifiga binoan, 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining ushbu qadimiy davlatga tashrifi oldidan afsonaviy Misr haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashamiz.
Ma’lumki, Misr dunyodagi eng qadimgi mamlakatlardan biri bo‘lib, 50 asrdan ko‘proq tarixga ega. Bu yurt dunyoga cheksiz cho‘l, ulug‘vor me’moriy yodgorliklar, xudolar haqidagi afsonalar, yorqin mehmonxonalari bilan mashhur.
Manbalarda keltirilishicha, yozma til ilk bor aynan Misrda paydo bo‘lgan. Birinchi qog‘oz (papirus) va siyoh ham shu zaminda ixtiro qilingan. Bundan tashqari qadimgi misrliklar parik, tish cho‘tkasi kabi buyumlarni muomalaga kiritgan.
Nikoh uzugini barmoqqa taqish odati ham qadimgi Misrda paydo bo‘lgan ekan. Keyinchalik bu an’ana yunonlarga, Rim ahli va asta-sekin butun Yevropaga tarqalgan.
Zamonaviy misrliklar ulkan inshoot qurish mahorati borasida yetakchilardan. Masalan, Asvan to‘g‘oni uchun eng ulkan piramida – Xeops qabriga qaraganda 16 yarim barobar ko‘p qurilish ashyosi sarflangan. Balandligi 111 metrli, 10 yil davomida tiklangan bu majmua davrimizning eng qadimiy me’moriy inshooti hisoblanadi. To‘g‘on shu qadar ulug‘vorki, hatto, fazodan ham osongina ko‘rinadi. Bu yerda gidro elektr majmuasi barpo etishda yordam bergan quruvchilar sharafiga o‘rnatilgan 75 metrlik yodgorlik ham bor.
Zamonaviy tadqiqotchilar fikricha, mashhur piramidalar shafqatsiz soqchilar qamchisidan halok bo‘lgan yuzlab huquqsiz qullar emas, balki tajribali, malakali ishchilar tomonidan ko‘tarilgan. Arxeologlar bunyodkorlar erkin yashashi, maxsus oshxonada sifatli taom iste’mol qilishi va hatto, fir’avnlarga yaqin joyda dafn etilishi haqidagi dalillarni topishgan.
Bu diyordagi yana bir mo‘’jizaviy tabiat in’omi Nil daryosidir. Nilda juda ko‘p timsoh, toshbaqa, noyob baliq, masalan, vazni 142 kgga yetadigan Nil perchi mavjud. Ushbu daryo yil davomida 1 soniyada dengizga o‘rtacha 3 ming 200 tonna suv quyadi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi taqdiri aynan shu daryoga bog‘liq. Aytgancha, mahalliy dehqonlar dalasidagi asosiy zararkunanda Nilda juda ko‘p uchraydigan begemotdir.
Turizm sohasida ulkan salohiyatga, tajribaga ega afsonaviy va qadimiy Misrda sayyohlar va sayohatchilarga juda iliq munosabatda bo‘lishadi. Aholining 12 foizdan ko‘pi turizm sohasida mehnat qiladi. Agar sayyoh bilan bog‘liq biror muammo yoki qarama-qarshilik chiqsa, mahalliy politsiya ko‘pincha mehmonning yonini oladi.
Misr Yaqin Sharqda aholi eng zich joylashgan mamlakat. Fuqarolar, asosan, arab tilida gaplashadi, o‘ngdan chapga qarab yozadi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: aholining aksariyati nega ulkan mamlakatning kichik bir qismida yashaydi? Javob ham juda oddiy: shtat hududining 95 foizi yaydoq cho‘ldan iborat. Eng yiriklari Liviya cho‘li va mashhur Sahroi Kabir. Shunisi e’tiborga loyiqki, qolgan 5 foiz odam Nil daryosi bo‘ylab joylashgan.
Misr haqidagi qiziqarli ma’lumotlar eslanganda, ko‘pchilik darhol piramidalar, ulug‘vor fir’avnlar va albatta, turizmni yodga oladi. Binobarin, turizm sanoati mamlakat daromadi ro‘yxatida faqat uchinchi o‘rinni egallaydi. Davlat foydasining asosiy qismini Suvaysh kanali orqali o‘tadiigan kemalar uchun olinadigan yig‘im tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinni neft qazib olish va yetkazib berishdan tushgan daromad egallaydi.
Mahalliy iqlim juda og‘ir: yozda soyada havo 40-50 darajagacha qizib ketishi mumkin, kechqurun esa sezilarli darajada salqin tushadi. Xamsin nomli shamol qum bulutlarini olib keladi.
Mamlakat aholisining to‘qson foizi islom diniga e’tiqod qiladi. Aksariyat fuqarolar musulmon madaniyati an’analariga rioya qilishadi. 10 foizi xristianlar o‘zini Kopt cherkovi a’zosi sifatida biladi. Darvoqe, IV-VI asrlarda pravoslavlik mamlakatda eng mashhur din bo‘lgan.
Misrliklar juda ayyor va pragmatik. Rasmiylar tomga yangi soliq joriy etishga qaror qilganda, fuqarolar o‘z uylari tomini ommaviy ravishda demontaj qila boshlagan. Yangi inshootlar maxsus, tomsiz qurilgan, chunki qurilishi tugallanmagan uy-joy uchun soliq to‘lanmaydi. Eng sovuq vaqtda ham bu yerda harorat 14 darajadan tushmasligi sababli, ayvon ostida yashash unchalik qiyin emas.
Mahalliy Qizil dengiz xuddi Isroildagi O‘lik dengiz singari dunyodagi eng toza va eng quyoshli manba hisoblanadi. Boy florasi va faunasi tufayli bu joy nafaqat juda go‘zal, balki butun dunyo g‘avvoslari uchun o‘ta jozibali.
Misr haqidagi qiziqarli ma’lumotlar ro‘yxatida mamlakatning milliy ramzi alohida o‘rin tutadi. Bu davlat gerbida dasht burguti aks ettirilgan. Ushbu ramzning paydo bo‘lishi tarixi XII asrda Qohira devoriga o‘z gerbini osib qo‘yishni buyurgan Saloh Ad-Din (Saladin) davriga borib taqaladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Misrni, garchi oradagi masofa uzoq bo‘lsa-da, tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik va yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Mamlakatlarimiz BMT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada faollashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqa rivojlanib bormoqda. Prezidentimizning ushbu davlatga tashrifi bu boradagi imkoniyatni yanada kengaytirish, yangi hamkorlik aloqalari o‘rnatishga zamin yaratadi.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova tayyorladi.