Sergey Lavrov: Toshkent konferensiyasi o‘z vaqtida amalga oshirilgan muhim tashabbus

Xalqaro forumlar saroyida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali Toshkent xalqaro konferensiyasi davom etmoqda.

Konferensiya doirasida Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so‘zga chiqdi.

Markaziy Osiyo bizning tashqi siyosatimizda muhim o‘rin tutadi. Davlatimiz turli doiradagi tashkilotlar, ikki tomonlama kelishuvlar asosida mintaqadagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda strategik hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab keladi. Siyosiy va iqtisodiy sohalardagi munosabatlarda erishilayotgan ijobiy yuksalishlar shular jumlasidan.

Birgina misol. Bugun rossiyalik ishbilarmonlarning Markaziy Osiyo davlatlariga kiritgan investitsiyasi 20 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mintaqada 7,5 mingdan ortiq rossiyalik hamda hamkor kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Shuningkdek, mintaqa davlatlari bilan xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi faol aloqalar tinchlikni saqlash va sa’y-harakatlarimizni umumlashtirib borishda muhim o‘rin tutmoqda.

Hozirgi kundagi asosiy xavf – Afg‘onistonning shimoliy hududlarida o‘z faoliyatini kengaytirishga urinayotgan Islom davlati sifatida nom olgan terrorchilik harakati bo‘lib qolmoqda. Yana bir xavf – bu narkotrafik muammosidir.

Afg‘on muammosini hal qilishdagi tashabbus mintaqa davlatlarining o‘zidan chiqayotgani muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent konferensiyasini o‘z vaqtida amalga oshirilgan muhim tashabbus deyish mumkin. Biz Toshkent jarayonidan ijobiy natijalar kutib qolamiz.

 

O‘zA