Bugun Myunxenda Xavfsizlik konferensiyasi – tashqi siyosat va mudofaa forumi ish boshlaydi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi Rossiya-Ukraina atrofidagi ziddiyat bo‘ladi. Bu haqda “TASS” agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1990 yillarning oxiridan beri birinchi marta Rossiya delegatsiyasi mazkur tadbirga taklif qilinmadi. 

Bavariya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan uch kunlik konferensiya ishida butun dunyodan 40dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, 90ga yaqin vazirlar, shuningdek, yuzlab siyosatchilar va ekspertlarning qatnashishlari kutilmoqda.

Mazkur tadbirda AQSH eng katta delegatsiya bilan qatnashadi: vitse-prezident Kamala Xarris boshchiligidagi hay’at tarkibida Davlat departamenti, Pentagon va Kongressdan ko‘psonli vakillar bor.

Tashkiliy qo‘mitaning ma’lumotiga ko‘ra, bu safargi Myunxen konferensiyasida ikkinchi yirik delegatsiya Ukrainadan bo‘ladi. Tashqi ishlar, mudofaa vazirlari, Oliy Rada deputatlari va boshqa mas’ullar bor.

An’anaga ko‘ra, konferensiya ishini Germaniya kansleri Olaf Shols boshqaradi. Boshqa xorijiy davlatlar rahbarlari qatorida Ozarbayjon, Gruziya va Moldova prezidentlari, Armaniston bosh vaziri tadbirda ishtirok etishadi.

 

O‘zA