Yangi Zelandiya hukumati «Gabriel» tropik dovuli oqibatlarini tugatish uchun butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etdi, deb yozmoqda TASS agentligi Yangi Zelandiyaning favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha vaziri Kiran Makenalti ma’lumotlariga tayanib.

“Bu mamlakat tarxida uchinchi bor e’lon qilinayotgan favqulodda holat rejimi bo‘ldi”, — deyiladi vazirning hukumat saytida e’lon qilingan bayonotida.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, ko‘rilgan choralar mintaqalarda tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi, ularga qo‘shimcha zaxiralar taqdim etadi, qolaversa talafotlarni bartaraf etish choralari ro‘yxati aniqlab olinadi.

Avvalroq favqulodda holat Yangi Zelandiyaning faqat dovul yopirilgan shimoliy orolida e’lon qilingan edi. Oroldagi yirik shahar Oklend va uning atrofidagi  18,5 ming uy elektr energiyasiz va aloqasiz qoldi, jamoat transporti, shaharda qatnaydigan poyezdlar va aeroport faoliyati to‘xtadi. Mintaqadagi ko‘plab maktablar, bolalar bog‘chalari, kutubxonalar va sport zallari yopib qo‘yildi.