Toshkent – Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralari mezboni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida 26-mart kuni poytaxtimizda «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xadjiyev va Yevrokomissiya prezidenti o‘rinbosari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini mintaqalararo hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Afg‘oniston Yevroosiyo mintaqasidagi noyob strategik va transchegaraviy imkoniyatlarga ega mamlakat sifatida Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Mintaqa xalqlarini umumiy tarix, din, madaniyat va urf-odatlar birlashtirib turadi. Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘l orqali chiqish, Hindiston, Eron va Pokistonni Yevropa va boshqa mintaqalar bilan bog‘lash imkonini beradi. Shu bois nafaqat Markaziy Osiyo, balki qo‘shni mintaqalardagi barqarorlik va izchil taraqqiyot Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishi bilan uzviy bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq Afg‘oniston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish hamda ushbu mamlakatda tez fursatda tinchlik, barqarorlik o‘rnatilishi, uning iqtisodiy va transport infratuzilmasi tiklanishiga ko‘maklashish tarafdori ekanini bildirdi. Davlatimiz rahbari eng nufuzli minbarlardan turib, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish strategik ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Xususan, Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida hamda noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiyadagi nutqlarida Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligi, qo‘shni mamlakatdagi tinchlikka faqat muzokaralar bilan erishish mumkinligini ta’kidladi. Zero, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartidir.

Prezidentimiz shu nuqtai nazardan jahon afkor ommasi e’tiborini afg‘on mojarosini hal qilishning yagona yo‘li – markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekaniga qaratdi.

Xalqaro tahlil markazlari qayd etayotganidek, Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilayotgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya O‘zbekistonning yangi tashqi siyosati strategiyasining amaliy natijasi sifatida ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi qo‘shma sa’y-harakatlarga keng yo‘l ochadi.

Keyingi paytlarda O‘zbekiston – Afg‘oniston hamkorligini rivojlantirishda izchil o‘sishga erishildi. 2017-yilda mamlakatlarimizning do‘stona munosabatlari tomonlar hamkorligi uchun yangi istiqbol eshiklarini ochdi. Davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari birgalikdagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi. Prezidentlar do‘stona, samimiy va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yishga erishdilar. O‘tgan yil dekabr oyida Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi.

Tashrif yakuniga ko‘ra, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi. Hujjatlarning aksariyati nafaqat Afg‘oniston va O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan “Mozori Sharif – Hirot” temir yo‘li va “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishi va afg‘on xalqi turmushi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning Afg‘onistonga do‘stona munosabati, mamlakatimizning afg‘on xalqiga ko‘maklashishga tayyor ekani ramzi sifatida Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi tashkil etildi. Markazda ayni paytda afg‘onistonlik 96 yigit-qiz tahsil olmoqda.

Mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari o‘rtasida o‘zaro muloqot faollashdi. O‘tgan bir yarim yil ichida Afg‘onistondan mamlakatimizga 20 dan ortiq delegatsiya tashrif buyurdi. Qayd etish kerakki, bunday ko‘lamdagi delegatsiyalar almashuvi o‘zbek – afg‘on munosabatlarida ilgari kuzatilmagan. Bularning barchasi ikki tomonlama hamkorlikka yangicha shukuh bag‘ishlamoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi xalqaro konferensiya dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga g‘oyat muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi. Chunki bu nufuzli forumda boshqa konferensiyalardan farqli o‘laroq, afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surilishi kutilmoqda. Unda ishtirok etish uchun 25 davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari Toshkentga keldi.

Jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari tashrif buyurdi. Konferensiya ishini yoritish uchun 300 ga yaqin ommaviy axborot vositasi akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi telekanallari, axborot agentliklari va nashrlari keng yoritmoqda.

Toshkent konferensiyasi oldidan poytaxtimizdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida o‘tgan «Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida mazkur konferensiyani o‘tkazishning amaliy jihatlari haqida so‘z yuritildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari Yevropaning 2019-yilda YeIning mintaqamizga oid yangilangan strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga doir rejasini ma’qulladi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining mazkur jarayonda faol ishtirok etishiga doimo tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, mintaqada iqtisodiy, hududlararo yo‘nalishlardagi hamkorlikni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ilmiy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida ham so‘z yuritildi.

Tadbirda Afg‘onistondagi ahvolni barqarorlashtirish va poytaxtimizda o‘tkaziladigan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Toshkent konferensiyasi arafasida ushbu davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uni hududiy iqtisodiy va infratuzilma aloqalariga jalb qilishga doir sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, 27 mart kuni O‘zbekiston poytaxtida ish boshlaydigan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajali xalqaro konferensiyaning delegatsiya rahbarlariga kiritiladigan yakuniy Toshkent deklaratsiyasi dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammoni bartaraf etish yo‘lidagi g‘oyat ulkan qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvini joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida o‘tkazishga qaror qilindi.

Bularning barchasi O‘zbekiston Prezidentining mintaqada barqarorlikni ta’minlashga doir tashabbusi Afg‘onistondagi vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratish dunyo hamjamiyatining ham xohish-istagi ekani va kelgusida Markaziy Osiyo bo‘ylab istiqbolli hamkorlik muhitini yaratishidan dalolatdir.

 

O‘zA