“Anadolu” agentligining Turkiya favqulodda vaziyatlar departamentiga tayanib xabar berishicha, zilzila qurbonlari 35 ming 400 kishiga yetdi.
Mintaqada qutqaruv-qidiruv ishlari to‘xtovsiz davom etmoqda. Kecha Qahramonmarashda uch ayol vayronalar ichidan olib chiqildi. 74 yoshli Jamila Kekech va uning 42 yoshli qizi Malika Imomo‘g‘lu zilziladan 227 soat, 46 yoshli Emina esa 222 soatdan so‘ng qutqarildi.
Mamlakatning “TRT 1”, “ATV”, “FOX”, “Kanal D”, “Kanal 7”, “Show TV”, “Star TV” va “TV8” kanallari birgalikda xayriya marafoni tashkil etishdi. “Turkiya bir yurak” nomli aksiyada kecha kun davomida 115 milliard 146 million 528 ming lira (taxminan 6 million dollar) to‘plashga erishildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri efir 213 mahalliy televideniye va 562 radio orqali namoyish etilib, eshittirishlar uyushtirilgan.
Buyuk millat majlisi (parlament) raisi Mustafa Shentop hayriya kompaniyasi o‘tkazayotgan televideniyega telefon qilib, besh oylik maoshini jabrdiydalarga yordam berishi uchun bag‘ishlaganini ma’lum qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi rahbari Xans Klyugening Turkiya hukumati ma’lumotlariga tayanib, mamlakat kasalxonalarida zilziladan zarar ko‘rgan 80 ming kishi davolanayotganini ma’lum qilgan. U jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, kechiktirilmasdan dori-darmonlar uchun 43 million dollar zarurligi haqida gapirgan.
Turkiya adliya vaziri Bekir Bozdag so‘nggi kunlarda zilzila sodir bo‘lgan mintaqalarda yiqilgan uylar, magazinlar va boshqa joylarda o‘g‘irlik sodir etgan 75 voqea qayd etilgani xabarini berdi. So‘nggi kunlarda 57 shaxs qo‘lga olingan.
Favqulodda vaziyatlar departamentining ma’lumotiga ko‘ra, 14 fevraldan boshlab, chet ellik qutqaruv-qidiruv guruhlari zilzila mintaqasidan chiqib ketayotganliklari to‘g‘risida xabar qildi.
Abror XON, O‘zA