Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida jamiyatda har qanday radikallashuv, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘yilmaslik masalasiga e’tibor qaratilgan.

Buning uchun barcha birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha oila, mahalla va ta’lim maskanlarida ish olib borilishi, bu borada alohida Milliy dastur qabul qilinishi zarurligi qayd etildi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Insonparvar ma’rifatli jamiyat asoslarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: amaliyot va istiqbol” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-nazariy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

Yoshlar ongini radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi buzg‘unchi yot g‘oyalardan himoya qilish masalasini ilmiy jihatdan muhokama etish hamda ma’rifatli jamiyat asoslarini takomillashtirishga doir taklif-tavsiyalar ishlab chiqish muhokama etildi.

Konferensiyada yoshlar va raqamli dunyo: imkoniyatlar va tahdidlar, ijtimoiy-ma’naviy muhitni baholash, qadriyatlar va  diniy yondashuvlar, diniylik va dunyoviylik – pedagogika yoxud pedologiya, diniy ekstremizm tahdidi, radikal g‘oyalarga qarshi kurashning dolzarb masalalari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Qizg‘in savol-javob va muhokamalar tarzida o‘tgan tadbirda insonparvar ma’rifatli jamiyat asoslarini takomillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.

Shular asosida tavsiyalar qabul qilinib, unda qayd etilgan takliflar jamiyatning ma’naviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan Milliy dastur loyihasiga taqdim etiladigan bo‘ldi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA