Mamlakatimizda qariyb bir million gektar suv-botqoq hududlar va 500 dan ortiq ko‘llar mavjud. Ushbu hududlar o‘simlik va hayvonot dunyosiga boy. Mamlakatimiz hududi orqali ko‘chib yuruvchi qushlarning ko‘plab turlari uchun suv-botqoq hududlar qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qiladi.
Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ularning tabiiy iqlim sharoiti barqarorligini saqlash muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonlarning 37 turi, shu jumladan, qushlar va baliqlar suv-botqoq hududlarda yashaydi.
Ana shunday maskanlardan biri “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi bo‘lib, u ekologik tizimlar barqarorligini va bus-butunligini ta’minlashda tizim zanjirining muhim bir halqasi sifatida alohida o‘rin tutadi.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan mazkur ko‘llar tizimida amalga oshirilayotgan ishlar doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. O‘rganishlar natijasida hudud muhofazasini ta’minlash, tabiiy-iqlim sharoiti barqarorligini saqlash borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilgan.
“Aydar-Arnasoy” ko‘llaridan unumli foydalanish va ularni asrab-avaylash borasida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 martdagi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshqaruvini tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llar tizimiga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazildi. Suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratildi.
Jizzax viloyati hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 11 loyiha ishga tushirilib, ichki turizm ob’ektlari tomonidan 15 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi.
Shuningdek, hududda 2022 yil bahor mavsumida 200 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, 2 km masofada chorvachilik bilan shug‘ullanishni cheklash bo‘yicha “Ekopatrul” tizimi tomonidan nazorat o‘rnatildi.
Tegishli idoralarning o‘zaro hamkorligida ko‘llar tizimida ov qilish, baliq ovlash, hayvonot va o‘simlik dunyosidan hamda suv havzalaridan foydalanish sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarning yagona elektron bazasi shakllantirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa tegishli organlarning hamkorlikdagi harakatlar dasturi – 2022–2027 yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida brakonerlik faoliyatiga qarshi kurashish, baliq mahsulotlarini talon-toroj qilishning oldini olishga qaratilgan bitim imzolangan.
2022 yil davomida o‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor nazorat va kuzatuv tadbirlari natijasida 634 ma’muriy va o‘nta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Buning oqibatida 157,1 million so‘mlik tabiatga zarar yetkazilgan. Aybdorlarga nisbatan 473,9 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan va undirilgan.
Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida “aqlli suv” qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Nazorat ishlari natijasida ko‘llar tizimi 1 milliard 918 million m3 ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan.
Kelgusida ko‘llar tizimining gidrometeorologiya faoliyati samaradorligini oshirish, gidrologik kuzatuvlar tizimini takomillashtirish maqsadida ikkita gidropost tashkil qilish rejalashtirilgan.
Eng muhimi, tashqi suv manbalaridan “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimiga joriy yilning 10 fevral holatiga ko‘ra, 500 mln m3 dan ortiq chuchuk suv tashlangan. Shuningdek, kelgusida ko‘llar tizimiga tashqi manbalardan qo‘shimcha 1 milliard m3 chuchuk suv olish maqsadida amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zA