Shu kunlarda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi O‘zbekiston ishchi guruhi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kuni doirasida ushbu mamlakatning Iqtisodiyot hamda Energetika va infratuzilma vazirliklari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Tuk Al-Marriy bilan kechgan muloqotda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, qo‘shma loyihalar amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Muzokara chog‘ida BAA xususiy kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqayotgani qayd etildi. Kimyo, kon-metallurgiya va to‘qimachilik sanoati eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida tilga olindi.

Turizm, kimyo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning davlat ulushini sotib olishini nazarda tutgan holda, BAA kompaniyalarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish jarayonida ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Joriy yil may oyida Samarqand shahrida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-BAA Hukumatlararo komissiyasi 5-yig‘ilishi hamda qo‘shma biznes-forum tashkil etish masalasi kelishib olindi.

Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiy bilan uchrashuvda energetika sohasi va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Hamkor tomon O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi aloqalar samarali va muvaffaqiyatli sheriklikning amaliy namunasi ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar aniq investitsiya loyihalari taqdimotini o‘tkazish, hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan navbatdagi tadbirlarni belgilash imkonini berdi.

 

O‘zA