Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hududiy bo‘linmalari mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy hokimliklar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalarini mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazish qayd etilgan.

Ushbu hujjat loyihasini tegishli vazirlik va davlat idoralar bilan kelishish uchun Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi —  project.gov.uzga joylashtirilgan.

Ushbu normativ-hujjat hozirda loyiha bo‘lib, rasmiy kuchga ega emas. Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan farmon loyihasidagi tegishli bandlar bo‘yicha e’tiroz bildirilib, Adliya vazirligi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalarini mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotgani bo‘yicha soha xodimlari va keng jamoatchilik vakillarining xavotiriga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz, deyiladi munosabatda.

 

O‘zA