Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati faollari va mutasaddilar bilan hududda sanoatni rivojlantirish istiqbollari va boshqa dolzarb masalalarni muhokama qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ko‘p yillar iqtisodiyoti paxtaga qaram bo‘lgan Jizzax viloyatida yangi sanoat korxonalari barpo qilish uchun so‘nggi olti yilda milliardlab dollar investitsiya jalb qilindi. Buning hisobiga, 2 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilinib, ishlab chiqarish hajmi 1,9 barobarga oshgan.
Oldin viloyatning sanoat mahsuloti asosan paxta tolasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energotejamkor materiallar kabi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Viloyatdagi sanoat eksporti 1,8 baravar oshib, 166 million dollarga yetgan.
bugungi kunda, sanoatda 54 ming aholi band bo‘lib, shundan 6,5 ming nafari yuqori malakali mutaxassislar hisoblanadi.
Prezidentimiz iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, dunyo bozorlariga jadal kirib borish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, faqat va faqat sanoat orqali bo‘lishini, bu borada kelgusi ikki yilda Jizzaxda avtomobilsozlik va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar ishga tushishini bildirdi.
–Jizzax sanoatining hozirgi jadal rivojlanishini davom ettirib, 2023 yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish kerak, – dedi davlat rahbari.
–Buning uchun Jizzaxda joriy yilda 750 million dollarlik 10 ta yirik loyiha va 580 million dollarlik 110 ta hududiy sanoat loyihasi ishga tushirilishi lozim. Buning hisobiga sanoatda 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
O‘zA