Termiz shahrida Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi rahbari Bayturraxmon Sharofat boshchiligidagi afg‘on delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv natijasida Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi va “Sogdiana trans” SHK o‘rtasida “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘lini ekspluatatsiya qilishni kelgusida davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolashga kelishildi.
Shu bilan birga tomonlarning kelishuviga ko‘ra, Afg‘oniston tomoniga yo‘naltirilgan vagonlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Sogdiana trans” SHK tomonidan Xayraton stansiyasiga yetkazib berish joriy yilning 10 fevralidan qayta tiklandi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha bayonnoma imzolandi.
O‘zA