Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Qayd etilishicha, 2022 yilda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga jami 98 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi (pm.gov.uz) orqali kelib tushgan murojaatlardan 6 tasi qanoatlantirilgan, 17 tasiga tushuntirish berilgan hamda qolgan 18 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan.

Tahlillar natijasida aksariyat murojaatlar uyushma tizimidagi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishga kirish va tiklash, mutaxassisligi bo‘yicha ishlash yuzasidan 35 ta murojaat, ijtimoiy to‘lovlar – ish haqi, moddiy yordam, kompensatsiyalar bo‘yicha 6 ta murojaat, rahbariyat qabuliga kirish, shikoyatlar kabi masalalar bo‘yicha 6 ta murojaat qilingan.

Ushbu tahlillar asosida uyushma hamda tizim tashkilotlari bilan birgalikda murojaatlarni tizimli o‘rganish, ularni qonuniy hal etish bo‘yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. 2022 yilda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga jami 87 ta topshiriq yuklatilgan edi. Berilgan topshiriqlarning barchasi o‘z muddatlarida bajarildi.

Hisobot davrida hududlarga tashriflar yakunlari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlar va ijtimoiy sohani rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarning 7 ta bayonnomasida uyushmaga belgilangan 7 ta topshiriq bajarildi. 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishlarning 16 ta bayonnomasida uyushmaga belgilangan barcha topshiriq bajarilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari va farmonlarida uyushmaga belgilangan 64 ta topshiriqning barchasi bajarildi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakatimizda jami 10 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tarkibida esa 158 ta korxona mavjud. Qurilish materiallari sohasida 2022 yilda jami 30,7 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

 

O‘zA