Tailandning markaziy qismidagi maktablarning birida muallim 100 nafar o‘quvchini sochini olib tashlash bilan jazoladi, deb yozmoqda mamlakatda chiqadigan Bangkok Post gazetasi.
Nashrning yozishicha, ushbu voqea haqida ijtimoiy tarmoqlarda videotasvir tarqalgandi. “Videokadrlarda o‘qituvchi ertalabki yig‘ilishda qo‘lida qaychi ushlab o‘quvchilarning sochini tartibsiz ravishda kesayotganini ko‘rish mumkin. Sinfxona polida soch uyumlari ko‘rinib turibdi”, – deyiladi gazeta bergan xabarda.
Tailand ta’lim vaziri Trinuch Txiyentxong davlat organlariga o‘qituvchi va maktab direktoriga nisbatan surishtiruv ishlarini boshlashni so‘ragan. Vazirning ta’kidlashicha, “jazo sifatida sochni olib tashlash maqbul emas va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.
1972 yilda Tailand hukumati maktab o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishlari bo‘yicha qat’iy tartiblarni o‘rnatdi. O‘quvchilar uchun yagona dress-kod belgilandi, jumladan, soch uzunligi borasida ham. Agar o‘quvchi ushbu tartiblarga amal qilmasa o‘qituvchilar ularning sochini olib tashlashiga ruxsat berilgandi.
2020 yil bahorda esa Tailand ta’lim vazirligi o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi, jumladan, soch uzunligi bo‘yicha belgilangan tartiblarni bekor qildi. Shunga qaramay, ko‘pchilik maktablar mazkur ko‘rsatmalarni inobatga olmay, eski tartiblarga amal qilishda davom etmoqda, deyiladi RIA Novosti tarqatgan xabarda.