Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida aholiga munosib turmush sharoitini yaratib berish hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida barcha joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish, ularga munosib turmush sharoitini yaratib berish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda birinchi navbatda umumta’lim maktablari, bolalar bog‘chalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport ob’ektlari, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz ta’minoti hamda obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarga ijobiy yechim topishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Natijada, “Mehr harakati” doirasida shahar va tumanlardagi barcha 424 ta fuqarolar yig‘inidagi 367 mingdan ortiq xonadon birma-bir o‘rganib chiqildi. Bu ishlarni samarali tashkil etish maqsadida shahar va tumanlarga mas’ullar biriktirilib, qishning qirovli sovuq kunlarida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan oilalarga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu ezgu ishga shahar va tumanlarga biriktirilgan Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari munosib hissa qo‘shmoqda.

“Mehr harakati” doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida og‘ir hayot sharoitidagi 21 ming 94 ta xonadonning tom qismini ta’mirlash (yopish), yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi 709 ta uy-joyni yangidan qurish lozimligi aniqlandi. Sharoiti og‘ir oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur qaror asosida 363,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan xonadonlarda qurilish-ta’mirlash va Orolbo‘yining janubiy tumanlarida 2000 kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al yotqizish ishlarini olib borish belgilandi.

Jumladan, To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlaridagi xonadonlarning qurilish-ta’mirlash ishlariga 112,3 milliard so‘m davlat byudjeti parametrlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan, qolgan shahar va tumanlardagi xonadonlarning qurilish-ta’mirlash ishlariga 231,6 milliard so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hokimliklarining mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan, ushbu to‘rtta tumanda 2000 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari uchun 20 milliard so‘m O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi hisobidan ajratilishi belgilangan.

Tadbir so‘nggida uy-joylarning tom qismini ta’mirlash (yopish) hamda yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish, shuningdek, tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, eng muhimi, aholining bugungi hayotidan roziligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

 

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri