Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasining konchi, geolog va texnologik jarayonlar bo‘yicha mutaxassis va ekspertlardan iborat ishchi guruhi “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Fransiya davlatiga rasmiy tashrifi doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (avvalgi O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi), “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi o‘rtasida uran qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha uch tomonlama Strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.
Unga asosan baholash hisobotini taqdim etish va texnik hamkorlikning yo‘l xaritasi bo‘yicha batafsil harakatlar rejasini tuzish uchun geologlar, gidrogeologlar, tog‘-kon va texnologik muhandislardan iborat Ishchi guruh tuzilgandi.
Dastlab kompaniya vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Hasanov va boshqa mas’ul rahbarlar bilan uchrashdi. Unda Strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv doirasida amalga oshiriladigan ishlar va Ishchi guruhi oldida turgan vazifalar muhokama qilindi hamda korxonaning umumiy faoliyati bo‘yicha ma’lumot berildi.
Kompaniya vakillari “Navoiyuran” DKning tarkibiy bo‘linmalari – “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlari hamda ularga qarashli kon va ishlab chiqarish sexlari faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar..
Ushbu hamkorlik kelgusida uran xomashyo bazasini barqaror rivojlantirish, uni qazib chiqarish va qayta ishlash hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA