Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani tufayli Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot faollashdi va o‘zaro ishonch   mustahkamlandi. Davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yilishi natijasida mintaqada ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Mintaqa mamlakatlarining barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlari sifat va mazmun jihatidan yanada boyib bormoqda. Xususan, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, mavjud har qanday to‘siqlarni birgalikda bartaraf etish ustuvor yo‘nalishga aylangan.

Forumning birinchi kunida Senat Raisi T.Norboyeva Markaziy Osiyo davlatlari  parlament delegatsiyalari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Turkiston shahridagi tarixiy madaniy yodgorliklar bilan tanishdi, shu jumladan, Hazrat Xo‘ja Ahmad Yassaviy mavzoleyini ziyorat qildi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi yig‘ilishi bugun – 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash va bu jarayonda parlamentlarning rolini faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

 

O‘zA