O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, 7 fevral – “Xalqaro Internet xavfsizligi” kuni munosabati bilan “Reallikning raqamli transformatsiyasi: muammo va yechimlar” mavzusida amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman doirasida “Zamonaviy axborot maydonining tartibsiz manzarasi”, “Raqamli media transformatsiyasi”, “Zamonaviy mediamakonda dezinformatsiyaga qarshi kurash yo‘llari”, “Internetda sifatli kontent tayyorlash uslublari: storitelling, longrid va VEB hujjatli film” kabi mavzular muhokama qilindi.

O‘zJOKU professor-o‘qituvchilari, jurnalist, bloger hamda universitet talabalari ishtirok etgan konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – shiddat bilan o‘zgarib borayotgan raqamli muhit sharoitida mediamanipulyatsiyadan, feyklar ta’siridan saqlanishning yangi usullari, dezinformatsiya, misinformatsiya, malinformatsiya qolaversa, media-axborot savodxonligining texnologik va psixologik asosini talabalarga o‘rgatish.

Bundan tashqari bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan yolg‘on axborotlarning inson ruhiyatiga ta’siri, aynan shunday muammoli vaziyatda jurnalist qanday yo‘l tutishi to‘g‘risida tahliliy misollar keltirildi.

bugungi jurnalistikaning eng ilg‘or ko‘rinishi internet jurnalistika ekani hech birimizga sir emas. Boisi, matbuot yoki telekanallarda biror xabar chiqquniga qadar ijtimoiy tarmoqda keng muhokamaga sabab bo‘lganini ko‘rasiz. Demak biz bugun yosh jurnalistlarga resurslardan to‘g‘ri foydalanish yo‘llari hamda shaffoflikni ta’minlashlari lozimligini tushuntirishimiz zarur.

Aynan shunday amaliyotchilar bilan tashkil etilgan uchrashuv yosh jurnalistlar uchun juda ham muhim hisoblanishi barobarida mazkur konferensiya ushbu soha vakillariga malaka va tajriba, jurnalistik mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

 

B.Xudoyberdiyev,

O‘zA