Alisher Navoiy ham turkiy, ham forsiy tilda ijod qilgan, ona tilining jozibali imkoniyatlarini, latofatini ko‘rsatib bera olgan hassos shoirdir. Hazrat Navoiyning ulug‘ligi shundaki, u so‘zning qadriga yetgan, uning betimsol qudratini namoyon eta olgan. Shu bois bu zot nafaqat turkiy xalqlarning buyuk shoiri, balki Sharqu G‘arbda «So‘z mulkining sultoni», deya e’tirof etiladi.

Alisher Navoiy dunyo madaniyatining mumtoz vakillaridan biridir. Uning asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olmoqda.

Men O‘zbekistonda 2020 yilda, pandemiya boshlanishidan sal avvalroq bo‘ldim. Bu yurtda ko‘rgan-kechirganlarim, adabiyot, xususan, Alisher Navoiy ijodi bilan yaqindan tanishganim «Yangi devon» she’rlar to‘plamini yozishga ilhomlantirdi. Ne baxtki, ulug‘ shoir g‘azallari sururi bugun ham qalbimni, ruhimni yoritib turibdi.

Bilasiz, hazrat Navoiy asarlari ingliz tiliga kam tarjima qilingan. Shu bois uning g‘azallarini mutaxassislar bilan birga ingliz tiliga o‘girishga kirishdik. Natijada «Alisher Navoiyning 12 ta g‘azali» kitobi chop etildi. Bundan tashqari, Cho‘lpon, Nodira va Uvaysiy she’rlarini ingliz tiliga o‘girdik. Hozirgi kunda Anbar Otin, qoraqalpoq shoirlari Berdaq va Ajiniyoz she’rlari tarjimasi ustida ishlayapmiz.

Tan olmoq joiz, Alisher Navoiy g‘azallarini tarjima qilish har qanday ijodkorga katta g‘urur bag‘ishlaydi. Ammo ochig‘ini aytganda, benazir shoirning asarlarini ingliz tiliga o‘girish g‘oyat mashaqqatli ish. Chunki, hazrat Navoiy asarlari tilini ham, ulardagi bebaho ma’noni ham har kim tushunavermaydi. Qolaversa, uning g‘azallaridagi har qanday misra bir necha ma’no berishini yaxshi bilamiz. Tasavvufiy iboralar istifoda etilgan she’rlarni ingliz tilida muxlislarga yetkazib berish yanada qiyinroq.

Buyuk so‘z dahosining jahon adabiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Ammo katta meros va maqom egasi bo‘lgan mutafakkirning asarlarini dunyo tillariga o‘girishda, targ‘ib etishda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Maqsadim – ana shu xayrli ishga kamtarona bo‘lsa-da, hissa qo‘shish.

bugungi kunda Alisher Navoiy bilan bog‘liq yana bir loyiha — uning ayrim g‘azallari va ruboiylarining nashrlari illyustratsiyasi, ya’ni temuriylar qo‘lyozma kitoblari an’analari asosida miniatyura rasmlari, xattotlik va kitob bezatish loyihasida qatnashyapman. O‘ylaymanki, bu ham hazrat Navoiy ijodi boyligini ko‘z-ko‘z qilish, uni dunyoga yanada kengroq tanitishga xizmat qiladi.

 Endryu STANILAND, 

Buyuk Britaniyalik shoir va tarjimon