Joriy yilning 2-9 fevral kunlari Parij shahrida “Premiere Vision” tikuv mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqot va hamkorlik o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan ushbu an’anaviy xalqaro ko‘rgazmada 120 davlatdan soha vakillari qatnashdi.
Ular qatorida O‘zbekistondagi uchta ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ko‘rgazmada o‘z imkoniyatini namoyish etdi va 11 ta korxona vakillari biznes-forumda ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada qatnashayotgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Osborn Textile” korxonasi marketing bo‘limi boshlig‘i Dilorom Dadametova Parijdan O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– “Premiere Vision” tikuv mahsulotlari ko‘rgazmasida korxonamiz faoliyati va imkoniyatlarini xorijliklarga tanishtirganimizdan juda xursandman, – dedi D.Dadametova. –Xalqaro maydonda soha yutuqlari bilan yaqindan tanishish, o‘tkazilgan biznes forumdagi ma’ruzalar orqali yangiliklardan xabardor bo‘lish korxona rivojiga xizmat qiladi.
Uch kun davom etgan ko‘rgazma bugun o‘z ishini yakunlaydi. Shu uch kun davomida “Osborn Textile” korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan ip-kalava mahsulotlariga ishtirokchilarning qiziqishi katta bo‘ldi. Ko‘rgazmada qatnashishdan maqsad korxona mahsulotlarini namoyish qilishdan iborat edi. Shu sababli, bu imkoniyatdan samarali foydalanib, mahsulotimizga qiziqqan xorijlik korxonalar bilan muzokaralar ham olib bordik.
Ta’kidlash kerakki, “Premiere Vision” tikuv mahsulotlari ko‘rgazmasi yiliga ikki marotaba tashkil etiladi. Ko‘rgazma butun moda sanoati vakillarini bir muhim va ilhomlantiruvchi biznes markazga chorlaydi. O‘z g‘oyalari bilan ulashish va yangi kolleksiyalar yaratish uchun 120 mamlakatdan 63 mingdan ortiq mutaxassislar bu yerda jam bo‘ldi. 2 mingdan ortiq eksponentlar moda bozorining ehtiyojlarini qondirish maqsadida o‘zlarining eng yangi kolleksiyalarini taqdim etdi. Shu sababli, ushbu yirik namoyishda sohaning har bir vakili qatnashishi lozim, deb o‘ylayman.
Ana shunday xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida korxonamiz “Premiere Vision” tikuv mahsulotlari ko‘rgazmasida 2019 yildan buyon qatnashib kelmokda. Bu esa korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, xalqaro bozor talablariga mos ravishda mahsulotlar ishlab chiqarishga zamin yaratmoqda.
bugungi kunda korxonamiz 100 foiz paxta tolasidan iborat va aralashgan tarkibdagi bo‘yalgan va melanj iplarni ishlab chiqaradi. “Premiere Vision” ko‘rgazmasi mahsulotimiz uchun potensial xaridor izlash, ishlab chiqarishda yangi g‘oyalar va yangi xomashyo topish, shuningdek, to‘qimachilik sanoatining yangi yo‘nalish va tendensiyalarini kuzatish imkoniyatini beradi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi