Tojikistonning Xo‘jand shahrida Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy, adabiy, madaniy kecha bo‘lib o‘tdi.

Kechada so‘zga chiqqan Sug‘d viloyati Hukumati ijtimoiy taraqqiyot va jamoat bilan aloqa bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori Tojiboy Sultoniy, akademik Bobojon G‘afurov nomli Xo‘jand davlat dorilfununi rektori, tarix fanlari doktori Ayubjon Usmonzoda, O‘zbekistonning «Vatandosh» jamoat xazinasi Raisi Odiljon Sattorov Hazrat Mir Alisher Navoiyning faqat o‘zbek adabiyotida emas, balki jahon adabiyotida ham tutgan muhim o‘rni, ustoz-shogird Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy tamal toshi qo‘ygan o‘zbek-tojik do‘stligining ayniqsa keyingi yillarda mustahkamlangani borasida aniq misollar keltirib so‘zlashdi. Tamal toshini yangilash va mustahkamlashda O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari hurmatli Shavkat Mirziyoyev va muhtaram Emomali Rahmon qo‘shgan beqiyos hissa ta’kidlandi.

Ilmiy, adabiy, madaniy kechada o‘zbekistonlik taniqli adabiyotshunos olim Sayfiddin Rafiddinov, tojikistonlik adabiyotshunos olimlar Feruza Qayumova va Abdusamad Ermuhamedov Alisher Navoiyning olamshumul ijodi, uning ilm va adab ahliga g‘amxo‘rligi, faqat o‘zbek (turk) tilida emas, balki tojik (fors) tilida ham go‘zal asarlar bitganligi, mutafakkir shoir ijodining Tojikistonda o‘rganilishi borasida ma’ruza qilishdi.

O‘zbekistonlik iste’dodli shoirlar – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining bosh maslahatchisi Salim Ashur, «Sharq Yulduzi-Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Raufning she’rlari, tojikistonlik taniqli teatr va kino aktyori Abduqodir Yahyoyev o‘qigan Alisher Navoiy monologi kecha husniga husn qo‘shdi. Xo‘jandlik taniqli hofizlar mumtoz ashulalar, jumladan, Alisher Navoiy g‘azaliga bag‘ishlangan ashulalar ijro etishdi.

Hazrat Mir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tadbirlar Tojikistonning boshqa shahar va qishloqlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zA