Har yili 9 fevral kuni butun dunyoda professional bayram – Xalqaro stomatologlar kuni nishonlanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, stomatologiya tibbiyotning eng qadimiy yo‘nalishlaridan biri. Tish shifokori haqida ilk manbalar miloddan avvalgi 7500 yilga mansub. Pokiston hududida kelib chiqishi sun’iyligi aniqlangan bir tekis teshiklari mavjud tishli odamlar qoldig‘i topilgan. Bu qabrlarning yoshi, taxminan, to‘qqiz ming yil.
Tish davolash bilan bog‘liq birinchi ta’rif miloddan avvalgi uch ming yillikka to‘g‘ri keladi. O‘shapayt Nippur (Iroq) shahrida tish davolash uchun dori-darmon yozilgan retsept-xatlar topilgan.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, tish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, bunday xastaliklarning oldini olish va davolash Gippokrat to‘plamida, Aristotel asarlarida va Qadimgi Rim shifokorlari yozuvida muhokama qilinadi. Qadimgi protezlar ham ma’lum bo‘lib, etrusklar madaniyatiga tegishli.
Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida tishning chiqishi, inson yoshiga qarab o‘sishi va tuzilishi haqida ma’lumot berilgan. Tish va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining ko‘plab belgilari, o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan davolash usullari, tishni parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar keltirilgan.
XVI asr o‘rtalarida fransuz jarrohi Ambruaz Pare tishni olib tashlash uchun asbob yasaydi, jarrohlik texnikasi, tish va jag‘ni kesish, tishni tiklash va boshqa usullarni ishlab chiqadi.
Yana bir farang olimi Per Foshar (1690-1762 yillar) esa kasb va fan sifatidagi stomatologiya asoschisi hisoblanadi. 1728 yil u sohadagi ilmiy va amaliy bilimi tizimlashgan ilk jarrohlik va stomatologiya qo‘llanmasini nashr etdi. Foshar, shuningdek, ortodontiyaga asossolib, og‘iz bo‘shlig‘ida protezni mahkamlash uchun prujina, tish uchun oltin qopqoq ixtiro qildi va sun’iy tish tojini yopish uchun chinni massadan foydalanishni joriy qildi.
XIX asrdagi ikki ixtiro – stomatologiya o‘rindig‘i va burg‘ulash mazkur soha amaliyotida chinakam inqilobiy o‘zgarish yasadi.
Mexanik stomatologiya kafedrasi muqobili asr boshida Amerikada mavjud edi. Yuz yillik o‘rtalariga kelib Amerikaning “SS White Company” firmasi gidravlik o‘rindiq balandligini sozlash mexanizmiga ega birinchi stomatologiya stulini ishlab chiqardi. O‘rindiq temirdan yasalgani va teri bilan qoplangani davolash jarayonida antiseptik vositadan foydalanish imkonini berardi.
1864 yil ingliz stomatologi Jorj Xarrington soat kabi kalit bilan o‘ralgan birinchi motorli matkapni ixtiro qildi. Ikki daqiqa ishlaydigan bu moslama kuchli shovqin chiqarar, foydalanish uchun noqulay edi.
Oradan yetti yil o‘tgach, amerikalik stomatolog Jeyms Beall Morrison oyoqli matkap yaratdi va hamkasblari orasida juda tez mashhurlikka erishdi. Keyinchalik stul va matkap dizayni ko‘p bor takomillashtirildi.
Stomatologtayyorlaydigan maxsus maktablar ham XX asrgacha paydo bo‘lgan. Bunday ta’lim maskanlari 1840 yil Baltimor (AQSH)da ochilgan, so‘ngra Angliya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya va Germaniyada paydo bo‘lgan.
Kimyo, biologiya, fiziologiya singgari tabiiy fanlar jadal rivojlanishi stomatologiya taraqqiyotiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga tish shifokorining kasbiy tayyorgarligiga qo‘yiladigan talab kuchayib borishi, texnologiya jadal yangilanishi ixtisoslashgan tibbiyot fanlari yaratilishiga turtki berdi.
Mamlakatimizda stomatologiya sohasidagi yuqori malakali tibbiyot kadrlarini xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlash maqsadida 2014 yil Toshkent davlat stomatologiya instituti tashkil etildi. Ushbu ta’lim dargohida zamonaviy talabga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasi yaratildi. Bu yerda ilg‘or axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyasi joriy etilgan. Darslar bo‘lajak stomatolog mutaxassislar nazariy tayyorgarligini amaliy ko‘nikma bilan chambarchas bog‘liq holda mustahkamlab borishga asoslangan.
bugungi kunda stomatologiya tibbiyotning yuqori texnologiyali, tez rivojlanayotgan sohalaridan biri. Zamonaviy yutuqlar tufayli tishni davolash jarayoni, hatto, yaqin o‘tmishdagiga qaraganda ancha og‘riqsiz va sifatli amalga oshirilishiga erishilgan.
Xalqaro stomatologlar kunidan tashqari 6 mart ayrim mamlakatlarda Milliy stomatologlar kuni sifatida nishonlanadi. 1790 yilning shu kuni amerikalik Jon Grinvud stomatologik burg‘u ixtiro qildi. Ushbu sana mutaxassislar e’tiborini tishni to‘g‘ri va muntazam parvarishlashga jalb qilish maqsadida nishonlanadi.
Yurtimizda, garchi, maxsus sanalar keng nishonlanmasa-da, tish shifokorlarining insonlar uchun xizmati beqiyos. Zero, boshqa xastaliklardan farqli o‘laroq, uy sharoitida, dori-darmon yordamida davolash imkoni juda kam bo‘lgan tish og‘rig‘i azobi haqida barchamiz yaxshi tasavvurga egamiz. Ko‘pchiligimiz tez-tez “qo‘li yengil”, tajribali stomatologlar xizmatiga ehtiyoj sezib turishimiz ham bor gap.
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, stomatologlar!
Go‘zal Sattorova, O‘zA